Endi ayrim turdagi mahallalarda kichik inspektor lavozimi joriy etiladi

Saqlash
09:34 / 22.01.2025 77 0

Kriminogen vaziyat ogʻir mahallalar bilan yangicha ishlash mexanizmlari joriy etiladi. Bu boʻyicha Prezident qarori qabul qilindi.

 

Unga koʻra, masʼul idoralar va muassasalar uchun 2025-yilda “Har bir mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish” ustuvor vazifa etib belgilandi.

 

Shuningdek, mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan bir qator yoʻl xaritalari hamda 2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhit yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimining samaradorligini oshirish boʻyicha manzilli chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

 

Shu hisobda, endi huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi, Dastur va “yoʻl xaritalari”ning ijrosini nazorat qilib borish uchun Bosh prokuratura huzurida Respublika idoralararo muvofiqlashtirish ishchi guruhi tuziladi.

 

Jinoyat sodir etilgan mahallalarda esa ilmiy tashkilot va taʼlim muassasalari tomonidan ilmiy yondashuvlar asosida oʻrganishlar oʻtkaziladi.

 

Barcha tuman (shahar) sektor rahbarlariga, Milliy gvardiya qoʻriqlash xizmati boshliqlariga va ichki ishlar organlari boshliqlari oʻrinbosarlariga ham 2025-yilda kriminogen vaziyat ogʻir mahallalar nomma-nom biriktiriladi.

 

Masʼullar faoliyati har oy yakunida – ichki ishlar vaziri huzurida, har chorak yakunida – Bosh prokuror huzurida, har yarim yilda Bosh vazir huzurida tanqidiy muhokama qilinadi va har bir mahalla kesimida Prezidentga axborot berib boriladi.

 

Bundan tashqari, kriminogen vaziyat ogʻir hududlardagi profilaktika boʻlinmalarida maʼmuriy amaliyot guruhlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

 

Jumladan, viloyatlar markazlari va kriminogen vaziyat ogʻir tuman (shahar)lar mahallalarida profilaktika kichik inspektori ish boshlaydi. U mehnat migrantlari, maktab bitiruvchilari va talabalar bilan shugʻullanadi.

 

Ichki ishlar organlarida esa migratsion profilaktika boʻlinmalari, tumanlararo maʼmuriy konvoy guruhlari tashkil qilinadi.

 

Sinov tariqasida kriminogen vaziyat ogʻir hududlardagi profilaktika boʻlinmalarida maʼmuriy amaliyot guruhlari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi va ular jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etishga oid hujjatlarni oʻrganib, tarkibida maʼmuriy huquqbuzarlik boʻlgan holatlar yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtiradi.

 

Hujjatda yozilishicha, mahalla huquq-tartibot maskanlari faoliyati ham yoʻlga qoʻyiladi. Unga profilaktika (katta, kichik) inspektorlari, xotin-qizlar masalalari boʻyicha, probatsiya, yoʻl harakati xavfsizligi va patrul-post xizmatlari inspektorlari hamda tezkor-qidiruv xizmati xodimi kiritiladi. Milliy gvardiya qoʻriqlash boʻlinmalarining naryadlari xizmat olib borishi tashkil etiladi. Natijada 5 tagacha mahalla mikrohududga birlashtiriladi va jinoyatchilik oldini olish boʻyicha tezkor harakatlanish tizimi yaratiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//