Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni Oʻzbekistonga taklif qildi

Saqlash
17:10 / 21.01.2025 146 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti Donald Trampni ushbu lavozimga rasmiy kirishgani munosabati bilan tabrikladi.

 

Shavkat Mirziyoyev oʻz maktubida Donald Trampning yangi muddatdagi faoliyati davomida AQShning xalqaro maydondagi nufuzi va obroʻ-eʼtibori, iqtisodiy qudrati va salohiyati, global miqyosdagi oʻrni va ahamiyati yanada ortishiga ishonch bildirgan.

 

“Oʻzbekiston AQShning mamlakatimiz mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini doimiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan siyosatini yuqori baholaydi va alohida qadrlaydi”, deyiladi maktubda.

 

Shuningdek, Prezident uzoq muddatli hamkorlikni yanada rivojlantirishdan Oʻzbekiston manfaatdorligini taʼkidlagan.

 

“Sizning birinchi Prezidentlik davringizda Oʻzbekiston–AQSh oʻrtasida yangi davrdagi strategik sheriklik munosabatlari oʻrnatilganini va koʻp qirrali aloqalarimiz yuqori bosqichga koʻtarilganini taʼkidlab oʻtishni istar edim. Biz bundan keyin ham ikki va koʻp tomonlama platformalar doirasida uzoq muddatli hamkorligimizni yanada rivojlantirishdan manfaatdormiz”, – deyiladi Prezident maktubida.

 

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni tashrif bilan Oʻzbekistonga kelishga taklif etgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//