Vazirlik kartoshka narxining koʻtarilishi haqida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi

Saqlash
14:45 / 21.01.2025 100 0

Soʻnggi kunlarda baʼzi ijtimoiy tarmoqlarda Qozogʻiston Respublikasi kartoshka eksportiga cheklov qoʻygani, bu esa Oʻzbekistonda kartoshka narxining sezilarli darajada oshishiga olib kelishi haqida xabarlar aylanmoqda. Ushbu xabarlar yuzasidan Qishloq xoʻjaligi vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.

 

Maʼlum qilinishicha, mamlakat aholisining kartoshkaga boʻlgan yillik talabi 4 mln tonnani, aholi jon boshiga esa 110 kg ni tashkil etadi.

 

2024-yilda mamlakatda jami 3,7 mln tonna, shundan asosiy maydonda 2,7 mln tonna va takroriy ekin sifatida 1 mln tonna kartoshka yetishtirilgan. Mazkur hosilning 600 ming tonnasi keyingi mavsumda ekish uchun urugʻlik sifatida zaxira qilingan va tabiiy yoʻqotish 100 ming tonna (3 foiz) atrofida belgilangan.

 

Odatda yetishtirilgan kartoshkaning 3 mln tonnasi, shundan asosiy maydon hosilidan 2 mln 250 ming tonna 2024-yil aprel-oktyabrda va takroriy maydon hosilidan 750 ming tonnasi 2024-yil noyabrdan 2025-yil aprelgacha ichki isteʼmolga yoʻnaltiriladi.

 

2024/2025-yil qish va bahor mavsumi uchun mahalliy hokimliklar tomonidan jalb qilingan tayyorlov korxonalari tomonidan 245,5 ming tonna (94,8 foiz) kartoshka zaxiraga jamgʻarilgan va fsp.agro.uz onlayn platformasi orqali subyektlar kesimida monitoring yoʻlga qoʻyilgan.

 

Zaxiraga jamgʻarilgan mahsulotni ichki isteʼmol bozoriga chiqarish boʻyicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan har 10 kunlik tarmoq jadvali hududlar kesimida tasdiqlanib, ijrosini taʼminlash boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklariga yuborilgan.

 

Taʼkidlanishicha, Oʻzbekistonning kartoshka importi faqat Qozogʻiston Respublikasiga bogʻlanib qolmagan. Mamlakatda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini diversifikatsiya qilish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar samarasi tufayli ayni paytda qoʻshni Qozogʻistondan tashqari Pokiston, Qirgʻiz Respublikasi va Afgʻon Islom Respublikalaridan ham kartoshka import qilish yoʻlga qoʻyilgan.

 

Bundan tashqari, kartoshka yetishmovchiligining oldini olish va oʻz vaqtida zarur chora-tadbirlar koʻrish uchun 2024-yil 6–11-dekabr kunlari Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi rahbari I. Ergashev rahbarligida Oʻzbekiston delegatsiyasi Eron va Pokistonga yuborilgan.

 

Tashrif davomida erishilgan kelishuvga muvofiq, 2025-yil yanvar – may oylarida mamlakatga Erondan 100 ming tonna va Pokistondan 100 ming tonna, jami 200 ming tonna kartoshka yetkazib beriladi.

 

Bundan tashqari, Surxondaryo viloyatidagi dala maydonlarida yetishtirilayotgan kartoshka hosili mart oyining ikkinchi yarmi va aprel oylarida toʻliq ichki bozorlarga chiqariladi.

 

Yuqoridagi maʼlumotlarni taqdim etar ekan, vazirlik fuqarolardan bir tomonlama olingan maʼlumotlardan foydalangan holda tarqatilayotgan xabarlarga aldanib qolmaslikni, jurnalistlar, ijtimoiy tarmoqlar faollari va blogerlardan esa bu kabi xabarlarni tayyorlashda asosli maʼlumotlardan foydalanishlarini soʻragan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//