CNN oʻzbek allomalariga bagʻishlangan turkum maqolalarni chop etdi

Saqlash
15:11 / 20.01.2025 102 0

Dunyoning yetakchi axborot platformalaridan biri CNN oʻzbek allomalari haqida maʼlumot beruvchi maqolalarni eʼlon qildi.

 

Jumladan, ulardan birida algebra fani asoschisi sifatida qayd etilgan Al-Xorazmiy haqida fikr bildirilar ekan, uning “Al-kitob al-muxtasar fi hisob al-jabr va al-muqobala” asari bilan matematikaning rivojiga qoʻshgan hissasi alohida qayd etilgan.

 

“Har safar smartfon yoki kompyuterdan foydalanganimizda Muhammad ibn Muso al-Xorazmiyning ilmiy merosiga duch kelamiz”, deb yozadi maqola muallifi.

 

Shuningdek, keyingi maqolada IX asrning atoqli oʻzbek olimi Al-Fargʻoniy islomning ilm-fan taraqqiy topgan Oltin davriga katta hissa qoʻshgani, u astronomiya, matematika va geografiya fanlarida yetuk mutaxassis boʻlib, ham fan tarixida, ham islom sivilizatsiyasida ham oʻz oʻrnini mustahkamlagani taʼkidlangan.

 

Turkum maqolalarda Abu Rayhon Beruniyga ham taʼrif berilar ekan, CNN uni dunyoni oʻlchagan odam sifatida eʼtirof etgan. Unda alloma erishgan yutuqlari bilan koʻplab zamonaviy fanlarga asos solgan buyuk olim deya taʼriflangan. Uning Yerning aylanishi haqidagi gipotezasidan tortib Yer diametrini oʻlchashgacha boʻlgan asarlari antik davr merosi va kelajakdagi yangiliklar, jumladan, keyinchalik Uygʻonish davridagi Yevropada paydo boʻladigan innovatsiyalar oʻrtasida koʻprik boʻlgani tan olingan.

 

Abu Ali ibn Sinoga bagʻishlangan qismda esa tibbiyotning otasi sifatida tanilgan olim va uning qalamiga mansub “Tib qonunlari” asari haqida soʻz borgan. Xususan, “Tib qonunlari” asari koʻp asrlar davomida Yevropada va Sharqda tibbiyotning asosiy qoʻllanmasi boʻlib xizmat qilgani haqida maʼlumot berilgan.

 

Nashr bu allomalarning ilmiy merosi hozirgi kunda ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagani, ularning asarlari jahon ilm-fani taraqqiyoti yoʻlida xizmat qilayotganini urgʻulagan.

 

Endilikda CNN mashhur astronom va matematik Mirzo Ulugʻbek haqida ham maqola eʼlon qilishi kutilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//