Toshkentda 2024-yilda 2 yarim mingga yaqin internet tarmogʻi bilan bogʻliq jinoyat sodir etilgan

Saqlash
11:50 / 16.01.2025 64 0

 

Toshkent shahar IIBBning maʻlum qilishicha, poytaxtda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari doimiy xizmatlariga qaramasdan, giyohvandlik va psixotrop moddalar, kuchli taʻsir qiluvchi vositalar bilan bogʻliq jinoyatlar salmogʻi yuqoriligicha qolmoqda.

 

Xususan, olib borilgan tadbirlar natijasida 2024-yil davomida Toshkentda aniqlangan holatlar yuzasidan 3 ming 447 ta jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan. Ushbu jinoyatlarning 2 413 tasi yoki 70 foizi internet tarmogʻi bilan bogʻliq holda sodir etilgan. Tadbirlar natijasida 238 kg 815 gramm giyohvandlik, psixotrop moddalar, kuchli taʻsir qiluvchi dori vositalari tegishli tartibda rasmiylashtirilib, noqonuniy muomalasiga chek qoʻyilgan.

 

Bosh prokuratura maʻlumotlariga koʻra, 15-yanvar kuni Toshkent shahar prokurori Erkin Yoʻldashev raisligida shahar IIBB boshligʻi Aziz Toshpoʻlatov, Milliy gvardiya shahar boshqarmasi boshligʻi A. Ortiqov, shahar Bojxona boshqarmasi boshligʻi T. Saidov va boshqa tashkilotlarning masʻullari ishtirokida muvofiqlashtiruvchi kengashning yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

 

Yigʻilishda shaharda yuzaga kelgan kriminogen vaziyat tanqid ostiga olinib, aholi xotirjamligiga jiddiy salbiy taʻsir qiladigan mudhish jinoyatlar: qasddan odam oʻldirish, oilaviy zoʻravonlik, axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar hamda voyaga yetmaganlar tomonidan sodir qilingan jinoyatchilik koʻrsatkichi yuqoriligicha qolgani taʻkidlangan.

 

Toshkent shahrida bu kabi jinoyatlarga qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida, 2025-yilning 15-yanvardan “Xavfsiz va sogʻlom poytaxt” kompleks maxsus tezkor-profilaktik tadbirlar oyligi boshlandi. 15-fevral kuniga qadar davom etadigan oylik doirasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tun-u kun xizmat tashkil etilib, kunduzgi va tungi maxsus guruhlar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan.

 

Oylik doirasida kuchaytirilgan tartibda tungi reydlar oʻtkazilib, oʻtkir tigʻli va boshqa taqiqlangan buyumlarni olib yurish, giyohvandlik vositalarini tarqatish (“zakladchik”), “narkograffiti” bilan shugʻullanish kabi holatlar aniqlanib, qonuniy qaror qabul qilinishi taʻminlanadi.

 

Toshkent shahar IIBB, shuningdek fuqarolardan ushbu oylik doirasida faol ishtirok etishni soʻragan.

 

“Giyohvandlik moddalari yoki kuchli taʻsir qiluvchi dori vositalarini tarqatish bilan shugʻullanuvchilar, shuningdek narkograffiti yozuvlarini yozib ketuvchi shaxslar haqida biror maʻlumotga ega boʻlsangiz, +99871-206-44-79 telefon raqami yoki @stopnarko_bot telegram bot orqali murojaat qilishingiz soʻraymiz. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi”, — deyiladi xabarda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//