Jamiyat
Bugun Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi yigʻilishida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi oʻqishda qabul qilindi.
Bir guruh deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida ishlab chiqilgan hujjatda mahalla raislariga oid normalar keltirilgan boʻlib, ulardan biri fuqarolar yigʻini raisi vakolatlari muddatini uch yildan besh yilga oʻzgartirishdir.
Shuningdek, qonun loyihasida yana quyidagilar belgilandi:
▪️ fuqarolar yigʻini raisi vakolatlari muddatidan ilgari tugatilsa, boʻshab qolgan oʻrinlarga yangi saylov oʻtkazish orqali fuqarolar yigʻini raisini besh yil muddatga saylash;
▪️ Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining fuqarolar yigʻini raisi saylovini oʻtkazish bilan bogʻliq vakolatlarini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga oʻtkazish;
▪️ Fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi respublika komissiyasining fuqarolar yigʻini raisi saylovini oʻtkazish bilan bogʻliq vakolatlari Fuqarolar yigʻinlari raislari saylovini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar komissiyalariga oʻtkazish;
▪️ Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha kengashlarining nomini Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar mahallani qoʻllab-quvvatlash kengashlari sifatida oʻzgartirish.
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi mahalla raislari faoliyatini hamda mazkur lavozim uchun saylov jarayonini tashkil etish va oʻtkazishga koʻmaklashuvchi komissiyalar ishini samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar mahallani qoʻllab-quvvatlash kengashlarining saylovni tashkil etish va oʻtkazishdagi masʼuliyati oshadi hamda boʻshagan oʻrinlarga mahalla raisi lavozimi uchun boʻladigan saylovning oʻz vaqtida oʻtkazilishini taʼminlaydi.
Jamiyat
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Madaniyat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q