Davlat bogʻchalarida tarbiyalanuvchilar “Yagona mavsumiy taomnoma” asosida ovqatlantiriladi

Saqlash
14:41 / 12.01.2025 95 0

Davlat bogʻchalari bosqichma-bosqich autsorsing usulida ovqatlantirish tizimiga oʻtkaziladi. U yerda tarbiyalanuvchilarning sogʻlom ovqatlantirish tartibini takomillashtirish maqsadida “Yagona mavsumiy taomnoma”ni joriy etiladi. Taomnoma joriy etish hamda oziq-ovqat xarajatlarining hisobi “Bolalar bogʻchasi” maktabgacha taʼlimni boshqarish axborot tizimida yaratilgan modullar orqali yuritiladi. Bu haqda “Huquqiy axborot” telegram kanali xabar berdi.

 

6-yanvar kuni qabul qilingan “Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida sogʻlom ovqatlantirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorga koʻra, davlat MTMlarining taomnomalari yangi tartib asosida yuritilishi belgilandi. Qaror bilan “Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarida autsorsing usulida sogʻlom ovqatlantirishni tashkil etish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom tasdiqlandi.

 

Unga koʻra, endi respublika miqyosida har bir davlat bogʻchasi tarbiyalanuvchisi uchun “Yagona mavsumiy taomnoma” asosida kunlik ovqatlantirish xarajati belgilanadi. Buning uchun “Taʼlim sohasida ovqatlantirishni tashkil etish va nazorat qilish markazi” tashkil etilib, tegishli vazifalarni muvofiqlashtirish va jarayonlarni bosqichma-bosqich raqamlashtirish Markazning asosiy vazifalaridan biri sanaladi.

 

Bogʻcha tarbiyalanuvchilarining sogʻlom, xavfsiz va sifatli ovqatlanishini taʼminlash maqsadida joriy etilgan ushbu tartib 2025-yil 1-iyulgacha yoʻlga qoʻyilishi koʻzda tutilgan.

 

2025-yil 1-iyulgacha sogʻlom ovqatlantirish tashkil etiladigan davlat bogʻchalarida tadbirkorlar bilan belgilangan tartibda shartnomalar tuzilishi va autsorsing usulida sogʻlom ovqatlantirish yoʻlga qoʻyilishi taʼminlanadi.

 

Eslatib oʻtamiz, davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari uchun yagona mavsumiy taomnomalar ishlab chiqish boʻyicha Oliy Majlis Senati kengashining 2021-yil sentyabr oyida boʻlib oʻtgan yigʻilishida mutasaddilarga tegishli topshiriq berilgan edi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//