Tuman sabab Oʻzbekistondagi uchta aeroport faoliyatiga cheklov qoʻyildi

Saqlash
12:00 / 06.01.2025 139 0

Erta tongdan quyuq tuman qoplagani sabab Nukus, Urganch va Fargʻona aeroportlarida havo kemalarini qabul qilish va uchirilishiga vaqtinchalik cheklovlar joriy etildi.

 

Xususan, “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining Sankt-Peterburg – Urganch yoʻnalishi boʻyicha HY-9638 reysi samolyoti soat 06:04 da Buxorodagi muqobil aerodromga qoʻndi. Toshkent – ​​Urganch/Urganch – Toshkent yoʻnalishi boʻyicha HY-51/52 reyslari ham kechiktirildi. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, samolyot Toshkentdan Urganchga soat 12:00 ga, qaytish reysi esa soat 14:15 ga koʻchirildi.

 

“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining Toshkent — Nukus yoʻnalishi boʻyicha HY-11 reysi ham Nukusdagi tuman sabab mahalliy vaqt bilan soat 11:30 ga qoldirildi.

 

Fargʻona aeroportida esa samolyotlarni qabul qilishga cheklovlar joriy qilindi. “Silk Avia” aviakompaniyasining Toshkent — Fargʻona yoʻnalishidagi US-401 reysi mahalliy vaqt bilan soat 11:20 ga koʻchirildi. Ammo mazkur aeroport samolyotlarni uchirishda odatdagi rejimda ishlamoqda.

 

Maʼlumot uchun, soat 11:26 ga kelib Urganch aeroportida samolyotlarni qabul qilish va uchishiga qoʻyilgan cheklovlar tugatildi. Aeroport odatdagi rejimda ishlamoqda. Shu hisobda:

 

▪️ “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining Toshkent-Urganch yoʻnalishi boʻyicha HY-51 reysi mahalliy vaqt bilan soat 13:00 ga;

▪️ “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining Toshkent-Nukus yoʻnalishi boʻyicha HY-11 reysi mahalliy vaqt bilan soat 12:30 ga;

▪️ “Silk Avia” aviakompaniyasining Toshkent-Fargʻona yoʻnalishi boʻyicha US-401 reysi mahalliy vaqt bilan soat 11:40 ga koʻchirildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//