Tanqiddan soʻng 2 nafar bolaning oʻlimiga sababchi boʻlgan haydovchi qamaldi

Saqlash
17:11 / 24.12.2024 271 0

YTH oqibatida 5 nafar bolani urib, 2 nafarining oʻlimiga sababchi boʻlgan haydovchi oldinroq sud zalida ozod qilingan edi. Sudning qarorida esa sudlanuvchi “oliy maʼlumotli, ishli yigit” deb koʻrsatilgan. Ajablanarlisi, oradan bir hafta oʻtib YTHda bir kishining oʻlimiga sababchi boʻlgan, “maʼlumoti oʻrta-maxsus hamda ishsiz” haydovchiga aynan mana shu sud raisi (Ulugʻbek Ibragimov) 2 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlangan.

 

Shundan soʻng ikkinchi holat boʻyicha sudlanuvchi R.Mirzahotamovga nisbatan hukmga Toshkent viloyat prokurori tomonidan kassatsiya protesti kiritilgan.

 

Oliy sud matbuot xizmati rahbari Aziz Obidovning Kun.uz'ga xabar berishicha, Toshkent viloyat sudining jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati kassatsiya instansiyasida jinoyat ishlari boʻyicha Yangiyoʻl tuman sudining R.Mirzahotamovga nisbatan 2024-yil 11-noyabrdagi hukmi bekor qilingan va yangi ayblov hukmi eʼlon qilingan.

 

Hukmga koʻra, Mirzahotamov Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, 3 yil transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilingan holda unga 3 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.

 

Xabarga koʻra, mahkum jazoni manzil koloniyalarida oʻtaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//