Chiqindidan qarzi bor fuqarolarga 5 kun muddat beriladi

Saqlash
12:29 / 24.12.2024 219 0

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 24-dekabr kuni boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan navbatdagi majlisida chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlarini koʻrsatish sohasida yangi toʻlov mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi oʻqishda atroflicha koʻrib chiqildi.

 

Taʼkidlanishicha, deputatlar tomonidan chuqur tahlil qilingan qonun loyihasi inson manfaati hamma narsadan ustun tamoyili asosida takomillashtirilgan.

 

Jumladan, endi chiqindidan qarzi bor isteʼmolchiga qarzdorlik yuzasidan qisqa xabar (SMS) yuborilgandan soʻng tezda elektr toʻlovi uchun taqiq qoʻyilmaydi, balki unga 5 kunlik muddat beriladi. Agar shunda ham isteʼmolchi qarzdorlikni bartaraf etmasa, ana shu davrdan boshlab uning elektr uchun qilgan toʻlovi qabul qilinmaydi.

 

Shuningdek, maishiy chiqindilarni olib chiqib ketishga ixtisoslashgan tashkilotlarning zimmasiga ham maʼlum majburiyatlar yuklandi. Yaʼni bundan buyogʻiga mazkur turdagi tashkilotlar chiqindi uchun qilingan toʻlovlarning haqqoniy va toʻgʻri hisoblanishi uchun javobgar hisoblanadi. Agar ushbu talablar buzilsa, xizmat koʻrsatuvchi tomon isteʼmolchiga yetkazilgan zarar qoplab beradi.

 

“Qonun loyihasining qabul qilinishi chiqindilarni toʻplash va olib chiqish boʻyicha aholiga koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlov mexanizmlari takomillashtirishga, chiqindi xizmatlarini koʻrsatish sifatini oshirishga xizmat qiladi”, deyiladi Qonunchilik palatasi xabarida.

 

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi oʻqishda qabul qilindi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//