Oʻzbekiston hududidan katta miqdorda madaniy boyliklar topildi

Saqlash
11:00 / 24.12.2024 466 0

Xitoy va Oʻzbekiston qoʻshma arxeologiya jamoasi izlanish davomida Oʻzbekiston hududida joylashgan mashhur Munchoqtepa maydonidan qadimgi davrga taalluqli madaniy boyliklarni topganini ochiqladi.

 

Ushbu yodgorliklar Xan sulolasiga (miloddan avvalgi 206 – milodiy 220 yy.) tegishli boʻlib, ular ipak parchalari, tangalar va bronza oynadan iborat.

 

Topilmalarning koʻpligi mazkur manzil Xitoyni Markaziy Osiyo va butun dunyo bilan bogʻlagan qadimgi Ipak yoʻli chorrahasidagi asosiy savdo maskanlaridan biri boʻlganini isbotlaydi.

 

Xitoylik mutaxassisning soʻzlariga koʻra, u yerdan oltita qabr va ikkita bino ham topilgan. U, shuningdek, qazishma ishlari davomida aniqlangan koʻplab yodgorliklar Vey (220-265), Szin (265-420) va Shimoliy-Janubiy sulolalar (386-589) davri tarixini ochishda qoʻl kelishini qoʻshimcha qilgan.

 

Taʼkidlanishicha, yangi manzil Munchoqtepa va Fargʻona vodiysida deyarli qirq yil ichida ilk bor ipak parchalari topilgani bilan ham ahamiyatli hisoblanadi.

 

Maʼlumot uchun, Xitoy-Oʻzbekiston qoʻshma arxeologiya guruhi qadimgi Xan sulolasiga oid koʻplab madaniy topilmalar aniqlangan Munchoqtepa maydonida 2012-yildan beri qazishma ishlarini olib boradi. Bu safar yangidan ochilgan hudud maydonning shimoliy-gʻarbiy burchagida joylashgan. 1986-yilda oʻtkazilgan arxeologik tadqiqotlarga koʻra, mazkur qism Xitoyda hukmronlik qilgan Vey, Szin hamda Shimoliy va Janubiy sulolalar bilan bir vaqtda mavjud boʻlgan.

 

Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasining arxeologi, Xitoy va Oʻzbekiston qoʻshma arxeologiya guruhining Xitoy ijrochi rahbari Lui Taoning aytishicha, topilgan ipak parchalari qabr egasi skeletining oyoq suyagi yonidan topilgan. Mato shimning bir qismi boʻlgan. U Xitoyda ishlab chiqarilgan boʻlishi mumkin.

 

Arxeologik guruh qabr atrofida sochilib yotgan bir nechta mis tangalarni ham topgan. Tangalarning biri zangdan koʻp zararlangani uchun undagi yozuvni oʻqish qiyin. Ammo tadqiqotchilar bu tangalar toʻrtburchak teshigi bor qadimgi Xitoy doirasimon tangasi boʻlishi mumkinligini aytmoqda.

 

Hozirda batafsil oʻrganilishi uchun topilmalar laboratoriyaga joʻnatilgan. Umid bildirilishicha, 2025-yilda tahlillardan koʻproq xulosa chiqarish mumkin.

 

Ahamiyatlisi, yangi hududdan topilgan oltita qabr qadimgi Xitoyda keng tarqalgan tobutlardan farq qiladi. Tadqiqotchilar tobutlar qamishdan yasalgani, ular bilan marhum oʻrab qoʻyilgani, keyin yogʻoch bilan mustahkamlanganini maʼlum qilgan.

 

Munchoqtepa Sirdaryo boʻyida joylashgani uchun u yerda qamish koʻp boʻlgan. Mutaxassislar mahalliy aholi shuning uchun tobut yasashda qamishni asosiy material sifatida ishlatgan boʻlishi mumkin deya fikr bildirmoqda.

 

Xitoylik arxeologning maʼlumot berishicha, qabrlardan topilgan inson suyaklari ustida antropologik tadqiqotlar va DNK tadqiqotlarini oʻtkazish, materiallarni tahlil qilish uchun Xitoy arxeologiyasida qoʻllaniladigan barcha texnik usullar qoʻllanilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//