2050-yilda zamonaviy odamlar qanday koʻrinishda boʻladi?

Saqlash
17:04 / 23.12.2024 799 0

Olimlar 2050-yilga borib koʻplab zamonaviy odamlarning tashqi koʻrinishi qanday boʻlishini model koʻrinishda taqdim qildi.

 

Mutaxassislarning xulosasiga koʻra, oʻsha davrda yashovchi insonlarning koʻrinishi quyidagi suratdagidek boʻladi.

 

 

Bunga kuniga atigi 6 soat yoki undan ham kam uxlash asosiy sabab sifatida qaralmoqda.

 

Taʼkidlanishicha, insoniyatning smartfonlarga boʻlgan ishtiyoqi tufayli odamlar hozir tarixning istalgan vaqtidagidan ham yomonroq uxlamoqda. Agar bu shunday davom etsa, odamlarning sogʻligi yomonlashgandan yomonlashaveradi.

 

Yuqoridagi suratda tasvirlangan ayol britaniyalik 45 yoshli Hanna boʻlib, u uyqu boʻyicha mutaxassis doktor Sofi Bostok tomonidan modellashtirilgan. Sofi uni 2050-yilning zamonaviy odami sifatida tasvirlar ekan, ayolning nega bunday holatdaligini unda surunkali bel ogʻrigʻi, oyoqlarining shishishi, sochlarning toʻkilishi va terining osilib qolishi kabi nuqsonlar borligida deb tushuntiradi.

 

Foto: Hindustan Times

 

Mutaxassisning qoʻshimcha qilishicha, “zamonaviy” ayol qoʻl va oyoqlarining ingichkaligidan aziyat chekadi. Bundan tashqari, uning immuniteti past va u doim gripp yuqtirib olishga moyil.

 

Xabarda yozilishicha, “zamonaviy odam” sifatida koʻrsatilgan Hannaning tana tuzilishi kam uxlashning oqibatlarini oʻrganishga bagʻishlangan 19 ta tadqiqot ishlariga asoslangan.

 

Xoʻsh, bunga faqat uyqu sababmi? Albatta, ha.

 

Buning oldini olish uchun hozirda mutaxassislar kattalarga kuniga yetti soatdan toʻqqiz soatgacha uxlashni tavsiya qilmoqda. Chunki yetti soatdan kam uxlaydiganlar sogʻlik bilan bogʻliq muammolarga koʻproq duch keladi.

 

Bu tadqiqotlar bilan ham asoslab qoʻyilgan. Yaʼni uzoq vaqt uyqu tanqisligi insonning semirib ketish, yurak xastaligi va qandli diabet bilan ogʻrishiga sabab boʻlishi mumkin ekan.

 

Xullas, bugungi davrning global muammosi yana bittaga ortmoqda. Bu – meʼyoridan kam uxlash.

 

Soʻrovnomalar ham hozirgi davr odamlari kam uxlaydigan boʻlib qolganini isbotlamoqda. Jumladan, Britaniyada oʻtkazilgan soʻrovda respondentlar bir kecha-kunduzda atigi 6 soat-u 20 minut uxlashini bildirgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//