Jamiyat
Kelayotgan 2025-yildan qonunchilikda bir qator oʻzgarishlar boʻlishi kutilmoqda. Quyida ularning eng muhimlari bilan tanishishingiz mumkin.
Hokimlik vakolatlari kengayadi
2025-yil 1-yanvardan belgilangan vazirlik va idoralarning tuman (shahar) boʻlimlari rahbarlarini masʼul vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish, shuningdek, tegishli masʼullarga ragʻbatlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish choralarini koʻriladi. Jumladan, hujjatga muvofiq, tuman (shahar) hokimlari:
▪️ tuman (shahar) iqtisodiyot va moliya boʻlimi;
▪️ tuman (shahar) kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimi;
▪️ tuman (shahar) investitsiyalar, sanoat va savdo boʻlimi;
▪️ tuman qishloq xoʻjaligi boʻlimi;
▪️ tuman (shahar) qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boʻlimi;
▪️ tuman (shahar) madaniyat boʻlimi;
▪️ tuman (shahar) oila va xotin-qizlar boʻlimi;
▪️ Yoshlar ishlari agentligi tuman (shahar) boʻlimi rahbarlarini tayinlash va lavozimidan ozod qilish vakolatiga ega boʻladi.
Shuningdek, 2025-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvargacha belgilangan roʻyxat boʻyicha tuman (shahar)larda huquqiy eksperiment tariqasida tuman (shahar) hokimligi faoliyati “Aholi va tadbirkorlar manfaatlariga xizmat qilish” yangicha yondashuvi asosida tashkil etiladi.
Xalq deputatlari kengashlariga bir qator vakolatlar beriladi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga YATTlarga qatʼiy soliq stavkalari miqdorini belgilash vakolatlari beriladi.
Xalq deputatlari tuman (shahar)lar kengashlariga esa suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalariga 0,7 barobardan 1,5 barobargacha kamaytiruvchi yoki oshiruvchi koeffitsiyent qoʻllash, noruda qurilish materiallari boʻyicha yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliqning qatʼiy belgilangan stavkalariga 1,3 barobargacha oshiruvchi koeffitsiyent belgilash vakolatlarini berish huquqiga ega boʻladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlariga moliyaviy imkoniyatlar beriladi
Aylanmadan olinadigan soliq, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq, yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi, davlat aktivlarini ijaraga berishdan tushumlarni toʻliq hajmda hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi tushumlarining kamida 50 foiz qismini tuman (shahar)lar byudjetlariga oʻtkaziladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlariga tegishli boʻlgan aksiyalar (ulushlar)ni sotishdan tushgan mablagʻlarning 90 foizi ham Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika byudjetiga, viloyatlarning viloyat byudjetiga va Toshkent shahrining shahar byudjetiga hamda obyekt joylashgan tuman (shahar) byudjetiga teng ulushlarda taqsimlanadi.
Yakuniy davlat attestatsiyasi ish beruvchi korxona va tashkilotlarda tashkil etiladi
Oliy va kasbiy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestatsiyasini ish beruvchi korxona va tashkilotlarda ham tashkil etish amaliyoti joriy qilinadi.
Shuningdek, kasbiy taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlarining malakasini oshirish oʻquv rejalariga “Germaniya tajribasi” asosida bitiruvchilarni baholash boʻyicha oʻquv kursi kiritiladi.
Sport turlari boʻyicha mahorat maktablari tashkil qilinadi
2025/2026-oʻquv yilidan hududlardagi olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda sport turlari boʻyicha mahorat maktablari tashkil qilinadi.
Bunda mahorat maktablari sport turlari boʻyicha iqtidorli yosh sportchilarni saralab olishda va ularni terma jamoalarga asosiy nomzod sifatida tayyorlashga yoʻnaltiradi hamda alohida sport turlariga ixtisoslashtiradi.
Sport klublari tashkil etiladi
2025/2026 oʻquv yilidan boshlab jamoaviy sport turlari boʻyicha sport musobaqalarini oʻtkazib boriladi.
Vazirlik va idoralar, xoʻjalik birlashmalari, davlat ishtirokidagi tijorat banklari va korxonalarda ham kamida 3 ta jamoaviy sport turlari boʻyicha sport klublari tashkil qilinadi.
Bir qator teatrlarga moliyaviy mustaqillik beriladi
2025-yil 1-yanvardan 2026-yil 31-dekabrgacha huquqiy eksperiment tariqasida Oʻzbekiston davlat yoshlar teatri hamda Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatriga moliyaviy, ijodiy va tashkiliy masalalarni mustaqil hal qilish vakolati beriladi.
Bunda Oʻzbekiston davlat yoshlar teatri faoliyati keying yil oxirigacha zamonaviy namunali teatr sifatida tashkil etiladi.
“Eng yaxshi pyesalar” tanlovi oʻtkaziladi
2025-yildan boshlab har 2-yilda tarixiy va zamonaviy mavzular boʻyicha “Eng yaxshi pyesalar” tanlovi oʻtkazilib boriladi.
Shuningdek, Oʻzbekiston teatr jamoalarining milliy reytingi ham tuziladi.
Madaniyat muassasalari va tashkilotlari xodimlarining oyligi oshadi
Prezident qarori bilan davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqisi:
➖2025-yil 1-yanvardan boshlab – 20 foizga;
➖2025-yil 1-iyuldan boshlab – yana 15 foizga oshiriladi.
Xodimlarning ish samaradorligini baholash (KPI) tizimi ham joriy qilinadi.
Onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Skrining natijasida onkologik kasallikka chalinganligi aniqlangan bemorlarni tashxislash va davolash bilan bogʻliq xarajatlar byudjet hisobidan moliyalashtiriladi.
Yolgʻiz ona yoki otaga moliyaviy yordam beriladi
2025-yil 1-martdan boshlab yolgʻiz ona (ota)ga bir nafar farzandi uchun bola(lar) 3 yoshga toʻlguniga qadar maktabgacha taʼlim xizmatidan foydalanish uchun BHMning 1 yarim baravarigacha (562 ming 500 soʻmgacha) miqdorda (bunda egizaklarning har biri uchun) moddiy yordam beriladi.
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarning yashash xarajatlari, oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolarga bolani tarbiyalagani (parvarishlagani) uchun ajratiladigan mablagʻlar tarbiyalanuvchilar umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va boshlangʻich professional taʼlim muassasalarini tamomlaguniga qadar beriladi.
Oliy taʼlim muassasalarini tamomlagan yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan yoshlar davlat fuqarolik xizmatiga tanlovsiz qabul qilinadi.
Maktablarda yangi lavozim joriy etiladi
1-iyundan taʼlim tashkilotlarida CHQBT rahbari lavozimi joriy etiladi.
Ular boshchiligida oʻquvchilar oʻrtasida kibersport, dron va robototexnika, kelajak oʻyinlari boʻyicha alohida tanlovlar hamda harbiy-sport musobaqalari oʻtkaziladi.
Texnikumlarning rahbar lavozimlariga tayinlash jarayoni ochiq tanlov asosida amalga oshiriladi
Texnikumlarning direktor va direktor oʻrinbosari lavozimlariga talabgorlarni ochiq tanlov asosida tanlash tartibi joriy qilinadi.
Bogʻchalarda yangi lavozim joriy qilinadi
Maktabgacha taʼlim tashkilotining direktori oʻrinbosari lavozimi joriy etiladi.
2025-yil 1-martidan esa tajriba-sinov tariqasida respublikaning uzoq va chekka hududlarida joylashgan maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagog kadrlari uchun mobil malaka oshirish xizmatlari ishga tushiriladi.
Samarasiz deb topilgan bogʻ va tokzorlar uchun yer soligʻi oshiriladi
Iqtisodiy jihatdan samarasiz va kam hosilli bogʻ va tokzorlar deb xulosa berilgan sanadan boshlab 12 oy davomida yangi bogʻ yoki tokzorlar barpo etilmagan taqdirda ushbu bogʻ va tokzorlar joylashgan maydonlar uchun yer soligʻi 3 baravarga oshiriladi.
Kambagʻal oilalar farzandlariga imtiyozlar beriladi
Kambagʻal oilalar farzandlari davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga imtiyozli asosda qabul qilinadi.
2025/2026 oʻquv yilidan esa kambagʻal oilalar farzandlarining davlat OTM talabalar turar joylaridagi yashash xarajatlari Davlat byudjeti hisobidan qoplanadi.
“El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan ham kambagʻal oilalarning farzandlari uchun alohida kvotalar ajratiladi.
Jamiyat
Siyosat
Jamiyat
Madaniyat
Jamiyat
Ilm-fan
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q