Yangi yildan hokimliklarga bir qator vakolatlar beriladi

Saqlash
10:25 / 23.12.2024 369 0

Prezident Farmoni bilan 2025-yildan boshlab hokimliklarga bir qator vakolatlar beriladi.

 

Jumladan, 2025-yilning 1-martidan hududi 10 ming metr kvadratdan, baholangan qiymati 5 ming BHMdan oshmagan hamda 6 oy davomida sotilmagan mahalliy davlat hokimiyati organlari tegishli koʻchmas mulk obyektlarini:

 

▪️ tadbirkorlarga toʻgʻridan-toʻgʻri 10 yil muddatga ijaraga berish hamda davlat mulki uchun 4 yil davomida uzluksiz ijara toʻlovlarini amalga oshirgan va ijara shartnomasi shartlarini bajargan tadbirkorga xususiylashtirish yoki baholangan qiymatda toʻgʻridan-toʻgʻri sotish;

 

▪️ xalqaro tan olingan xorijiy til va malaka sertifikatlarini olishga oʻqitadigan mahalliy hamda xorijiy mutaxassislar yoki tashkilotlarga dastlabki birinchi yili ijara toʻlovi undirmasdan 5 yil muddatga keyinchalik uning muddatini uzaytirish sharti bilan ijaraga berish huquqiga ega boʻladi.

 

Bunda ushbu koʻchmas mulk obyektlarini olgan tomon 2 yil ichida yangi loyihani ishga tushirishi va ish oʻrinlarini yaratish shart.

 

Shu bilan birga, tuman (shahar)lar hokimliklariga quyidagi yoʻnalishlarda maʼmuriy vakolatlar beriladi:

 

▪️ davlat boshqaruvi organlari va tadbirkorlar oʻrtasida “doimiy aloqa” tizimini yaratish maqsadida tuman (shahar)larda Tadbirkorlar jamoatchilik kengashini tuzish;

 

▪️ 2025-yil 1-yanvardan belgilangan vazirlik va idoralarning tuman (shahar) boʻlimlari rahbarlarini masʼul vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan holda lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish, shuningdek, tegishli masʼullarga ragʻbatlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish choralarini koʻrish;

 

▪️ 2025-yil 1-yanvardan 2026-yil 1-yanvargacha belgilangan roʻyxat boʻyicha tuman (shahar)larda huquqiy eksperiment tariqasida tuman (shahar) hokimligi faoliyatini “Aholi va tadbirkorlar manfaatlariga xizmat qilish” yangicha yondashuvi asosida tashkil etish.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//