Qanday surunkali kasalliklar bilan ogʻrigan bemorlarga dori vositalari bepul beriladi?

Saqlash
16:23 / 20.12.2024 192 0

Hukumatning tegishli qaroriga koʻra, ayrim surunkali kasalliklar bilan ogʻrigan bemorlar oilaviy shifokorning elektron retsepti asosida dori vositalarini bepul olishi mumkin.

 

Yaʼni reimbursatsiya dasturida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida surunkali kasalliklarni ambulator sharoitda davolashda qabul qilinadigan dori vositalari uchun dorixona xarajatlarini Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi qoplaydi.

 

Bunda quyidagi surunkali kasalliklar bilan ogʻrigan bemorlar nazarda turiladi:

▪️ gipertoniya kasalligi (qon bosimi oshishi bilan kechuvchi kasallik boʻlib, koʻp hollarda koʻyidagi asoratlarini keltirib chiqaradi: yurak infarkti, insult va boshqalar) bor bemorlar;

 

▪️ yurak ishemik kasalligi (yurak xususiy qon-tomirlarining oʻtkir yoki surunkali bekilib kelishi natijasida yurak mushaklarining kislorod bilan taʼminlanishi buzilishi) bor bemorlar;

 

▪️ qandli diabetning ikkinchi turi (inson tanasi hujayralarining insulinga taʼsirchanligi keskin pasayishi natijasida glyukoza oʻzlashtirilishi buzilishi) bor bemorlar;

 

▪️ bronxial astmasi (nafas yoʻllari surunkali yalligʻlanish kasalligi boʻlib, quyidagi belgilar bilan kechadi: hushtaksimon xirillash, nafas siqishi, koʻkrakda ogʻirlik va yoʻtal) bor bemorlar;

 

▪️ oʻpkaning surunkali obstruktiv kasalligi (oʻpka va nafas yoʻllarida havo oqimi tezligini keskin pasayishi hamda zararli zarrachalar yoki gazlar taʼsiriga nisbatan surunkali yalligʻlanish jarayonini faollashishi bilan kechadigan jarayon) bor bemorlar.

 

Mazkur surunkali kasalliklarga chalingan dispanser nazoratida turuvchi bemorlar oilaviy shifokor elektron retsepti asosida bepul dori vositalarini olish huquqiga ega.

 

Eslatma! Dori vositalari Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi bilan shartnoma asosida xizmat koʻrsatuvchi dorixonalarda beriladi.

 

Maʼlumot uchun, reimbursatsiya (reimbursement) ingliz tilidan olingan boʻlib, “xarajatlarni qoplash” maʼnosini anglatadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//