Payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilandi

Saqlash
11:30 / 19.12.2024 369 0

 

Shavkat Mirziyoyev 18-dekabr kuni “Yoshlarning sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi.

 

Hujjat sport maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish, xususiy sport klublari hamda mahallalarda sport toʻgaraklarini tashkil etgan trenerlarning yoshlarni muntazam sport bilan shugʻullantirish borasidagi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash maqsadida qabul qilingan.

 

Qaror bilan Sport vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining haftaning har payshanba kunini jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilgan.

 

2025/2026 oʻquv yilidan:

 

sport maktablarini sport turlariga ixtisoslashtirish amaliyoti joriy etiladi;

 

sport maktablarida ommaviy sport boʻyicha trener-seleksioner lavozimi joriy etiladi;

 

har bir ommaviy sport boʻyicha trener-seleksionerga 5 tagacha mahalla va uning hududidagi davlat taʻlim muassasalari biriktiriladi;

 

ommaviy sport boʻyicha trener-seleksioner oʻziga biriktirilgan hududda “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarini oʻtkazib borishga masʻul hisoblanadi.

 

Sport vazirligining 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab hududlardagi olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari faoliyatini yangicha tartibda tashkil qilish toʻgʻrisidagi taklifi maʻqullandi:

 

olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari negizida amaldagi moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda sport turlari boʻyicha mahorat maktablari tashkil qilinadi;

 

mahorat maktablari faoliyati sport turlari boʻyicha iqtidorli yosh sportchilarni saralab olish va ularni terma jamoalarga asosiy nomzod sifatida tayyorlashga yoʻnaltiriladi hamda alohida sport turlariga ixtisoslashtiriladi;

 

mahorat maktablari oʻquvchi-sportchilarining umumiy kontingenti jami 150 nafardan koʻp boʻlmagan miqdorda 7−11-sinf oʻquvchilaridan iborat boʻladi;

 

mahorat maktablari oʻquv dasturini oʻzlashtirgan va yakuniy davlat attestatsiyasidan oʻtgan 11-sinf bitiruvchilariga davlat namunasidagi umumiy oʻrta taʻlim toʻgʻrisidagi shahodatnoma beriladi;

 

mahorat maktablarida oziq-ovqat bilan taʻminlash xarajatlarini qisman qoplash uchun ota-onalar toʻlovi undirilmaydi.

 

Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʻul va shaxsiy javobgar etib sport vaziri Adham Ikramov belgilandi. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʻul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish bosh vazir Abdulla Aripov va prezident Administratsiyasi departamenti rahbari Odil Abduraxmanov zimmasiga yuklangan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//