Oʻzbekistonlik UzSAT muhandislari sunʼiy yoʻldosh uchirilishida ishtirok etdi

Saqlash
13:56 / 18.12.2024 59 0

17-dekabr kuni Oʻzbekistonlik UzSAT muhandislari SES sunʼiy yoʻldosh aloqa operatorining maxsus taklifiga binoan yangi O3b mPower 7 & 8 sunʼiy yoʻldoshlarining uchirilishida ishtirok etdi.

 

Raketa parvozi Florida shtatidagi Kanaveral burnida joylashgan Kennedy Space Center NASA uchirish maydonchasidan amalga oshirilgan.

 

Orbitaga chiqarish esa Space X jamoasi bilan hamkorlikda koʻp marta ishlatiluvchi birinchi bosqichli “Falcon 9” ogʻir toifadagi raketa tashuvchisini uchirish orqali bajarilgan.

 

Xabarda yozilishicha, uchirish sanasigacha UzSAT'ning Oʻzbekistondagi texnik mutaxassislari O3b sunʼiy yoʻldoshini sinovdan oʻtkazish uchun SES uskunalarini oʻrnatgan.

 

Taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston sinovlar va foydalanish uchun SES'dan yangi uskunalar va ruxsatnoma olgan dastlabki mamlakatlardan biri hisoblanadi.

 

Maʼlum boʻlishicha, UzSAT davlat-xususiy kompaniyasi Oʻzbekistonda sunʼiy yoʻldosh aloqasi va internet xizmatlarini rivojlantirish maqsadida oʻzining VSAT tarmogʻini yaratmoqda. Kompaniya joriy yilda birinchi yer usti sunʼiy yoʻldosh aloqa stansiyasi qurilishini yakunlagan. Ikkinchi yer usti stansiyasi 2025-yilda qurib bitkaziladi.

 

Maʼlumot uchun, 2024-yilning avgust oyida UzSAT kompaniyasi radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi bilan hamkorlikda 12 ta davlat, 7 ta xususiy Oʻzbekiston telekanallari va 4 ta radiostansiya eshittirishlarini dunyoning 15 dan ortiq mamlakatlariga, 760 million kishini qamrab olgan holda efirga uzatgan edi.

 

Eslatma! UzSAT Oʻzbekiston Respublikasining Milliy keng polosali sunʼiy yoʻldosh xizmati provayderi hisoblanadi. Xalqaro sunʼiy yoʻldosh aloqa xizmati provayderi esa SES deb ataladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//