Farzand tug‘ilganda otalarga ham ta’til berilishi mumkin

Saqlash
12:06 / 18.12.2024 97 0

Qonunchilik palatasida 17-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi.

 

Qonun loyihasi bilan mehnat huquqlarining tengligi, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitish, tazyiq va zo‘ravonlikni taqiqlash prinsiplari takomillashtirilmoqda. Ya’ni mehnat jarayonida boshqa xodimga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan yoki tahdid qilgan xodimni ish beruvchi tashabbusi bilan boshqa ishga o‘tkazish yoki ishdan bo‘shatish amaliyoti qo‘llanilishi belgilanmoqda.

 

Bundan tashqari, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari ro‘yxatiga kiritilib, davlat tomonidan ularni ishga joylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar ta’minlanishi belgilanmoqda.

 

“Mehnat kodeksida tazyiq va zo‘ravonlikni taqiqlash asosiy prinsiplardan biri etib belgilanmoqda. Bunda zo‘ravonlikka uchragan xodimlarning huquq-manfaatlarini himoya qilish ko‘zda tutilmoqda. Bunday xodimlarga qo‘shimcha ta’til berish rejalashtirilgan. Ish beruvchiga ham shunday huquq berilyapti. Ya’ni korxonasida shunday holatlar sodir bo‘lgan bo‘lsa, xodimni boshqa ishga o‘tkazish yoki u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish bo‘yicha huquqiy asos yaratilmoqda”, deb ta’kidlagan deputat Nodir Tilavoldiyev.

 

Shuningdek, uning ta’kidlashicha, loyihada ishlayotgan erkaklar farzandli bo‘lganda, turmush o‘rtog‘iga yordam berish va boshqa farzandlariga qarab turishi uchun 5 kunlik ta’tilga chiqishi bilan bog‘liq me’yorlar taklif etilmoqda. Bunda xodimning ish haqi to‘liq saqlab qolinadi. Shu kunga qadar milliy qonunchilikda bunday ta’til nazarda tutilmagan. Deputat qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartirishlar mehnat jamoalarida zo‘ravonlik va tazyiqning oldini olishini qo‘shimcha qilgan.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//