Pokiston shaharlarida Oʻzbekiston madaniyati kunlari oʻtkaziladi

Saqlash
15:33 / 13.12.2024 134 0

 

4-dekabr kuni Oʻzbekiston elchisi Alisher Toʻxtayev Pokiston savdo vaziri Jam Kamal Xan bilan uchrashdi.

 

Pokiston rasmiy vakili ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, tovar aylanmasi hajmini mahsulotlar nomenklaturasini koʻpaytirish orqali oshirish, 1 milliard dollarlik koʻrsatkichga qisqa muddatlarda erishish uchun Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim taʻsir doirasini kengaytirish, manfaatli sohalarda qoʻshma sanoat loyihalarini ishga tushirish, hududlararo hamkorlikni aniq yoʻnalishlar va maqsadli tashriflar hisobiga mustahkamlash borasidagi takliflarni ilgari surdi.

 

Transafgʻon temiryoʻli loyihasini qurish iqtisodiy hamkorlikning negizi sifatida baholandi. Tomonlar loyihada xorijiy hamkorlarning ishtiroki boʻyicha fikr almashdi.

 

Vazir Jam Kamal Xan madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikka barqaror iqtisodiy sheriklikning poydevori, deb qarashini taʻkidlab, Pokistonning Lahor, Karachi, Kvetta, Sialkot kabi yirik shaharlarida Oʻzbekiston madaniyati kunlarini oʻtkazishni taklif etdi.

 

Oʻzaro turistlar oqimini oshirish maqsadida ikki tomon yetakchi turoperatorlari oʻrtasida hamkorlikning yagona raqamli platformasini yaratish masalasi koʻrib chiqildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//