2025-yilda maktab darsliklari bepul boʻladi

Saqlash
15:45 / 12.12.2024 184 0

Ijtimoiy tarmoqlarda keyingi oʻquv yilidan ota-onalardan darsliklar va mashq daftarlari ijarasi uchun qoʻshimcha toʻlov undirish rejalashtirilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu masalaga oydinlik kiritish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.

 

“Byudjet jarayonlarini shakllantirishda vazirlik tomonidan, birinchi navbatda, iqtisodiy oʻsishning barqaror yuqori surʼatlari hamda iqtisodiy va ijtimoiy sohaning moliyaviy mutanosibligini taʼminlashda davlatning ijtimoiy majburiyatlarini toʻliq hamda oʻz vaqtida bajarishga ustuvor eʼtibor qaratiladi. Bunda, samaradorlikni oshirish maqsadida turli yoʻnalishlar boʻyicha tahlillar oʻtkaziladi”, deyiladi munosabatda.

 

Taʼkidlanishicha, 2024-yilda maktab oʻquvchilariga 83,2 mln nusxa darslik va mashq daftarlarini yetkazib berish uchun Davlat byudjetidan jami 1,5 trln soʻm ajratilgan. Ushbu mablagʻlarning 435,5 mlrd soʻmi (yoki 36 foizi) davriyligi 1 yil hisoblanadigan hamda har yili yangidan chop etiladigan mashq daftarlari uchun yoʻnaltirilgan.

 

2025-yilda esa 81 mln nusxa darsliklar va mashq daftarlari uchun ajratiladigan jami 1,3 trln soʻm mablagʻni toʻliq Davlat byudjetidan qoplash koʻzda tutilgan.

 

Bu esa yangi oʻquv yilida oʻquvchilarni darsliklar va mashq daftarlari bilan taʼminlash boʻyicha ehtiyojni toʻliq qoplash imkonini beradi.

 

“Bunda ota-onalardan darsliklar va mashq daftarlari ijarasi uchun qoʻshimcha toʻlov undirish rejalashtirilmagan”, deb yozadi vazirlik axborot xizmati.

 

Bundan tashqari, munosabatda Kitob jamgʻarmasi haqida ham soʻz borgan. Maʼlum boʻlishicha, ijtimoiy tarmoqlardagi faol foydalanuvchilar Byudjet loyihasida Kitob jamgʻarmasining xarajat va daromadlari koʻrsatilmaganiga eʼtibor qaratilgan. Vazirning izoh berishicha, Kitob jamgʻarmasi faoliyati toʻxtatilgan va yangi jamgʻarma tashkil qilinmagani sababli loyihada bu boʻyicha maʼlumotlar aks ettirilmagan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//