Qashqadaryoda yangi universitet tashkil etiladi

Saqlash
15:12 / 11.12.2024 261 0

Prezident qarori bilan Qashqadaryoda Qarshi davlat texnika universiteti faoliyat boshlaydi.

 

Hujjatga koʻra, yangi OTM Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filiali hamda Toshkent kimyo-texnologiya institutining Shahrisabz filiali negizida tashkil etiladi.

 

Universitetning asosiy vazifalari muhandislik, geologiya, ishlab chiqarish, qurilish, transport, energetika, axborot texnologiyalari va dasturlash, xizmat koʻrsatish hamda irrigatsiya tizimlari va agrotexnologiyalar sohalari boʻyicha kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishdir.

 

Hujjatda keltirilishicha, 2025/2026-oʻquv yilidan boshlab qayta tiklanuvchi energiya manbalari, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi va atrof-muhit muhandisligi yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlash salmogʻi oshiriladi.

 

Talabalarning fanlarni oʻzlashtirish koʻrsatkichini va professor-oʻqituvchilarning faoliyat samaradorligini xalqaro standartlar asosida baholash tizimi ham joriy etiladi.

 

Bundan tashqari, Taʼlim xizmatlari markazi tashkil etib, talabalarga oʻqish davomida yuzaga keladigan tashkiliy va huquqiy masalalar boʻyicha barcha zarur xizmatlarning “yagona darcha” tamoyili asosida koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyiladi.

 

Iqtidorli talabalar uchun darslar xorijiy tillarda oʻqitiladigan alohida guruhlar ham tashkil qilinadi.

 

Yuqoridagi OTMlarda tahsil olayotgan barcha talabalar esa oʻqishini yangi universitetda davom ettiradi va 2024/2025 oʻquv yilidan bitiruvchi kurs talabalariga Universitet diplomi beriladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//