Oʻzbekcha-moʻgʻulcha soʻzlashgich yaratiladi

Saqlash
12:17 / 06.12.2024 234 0

Moʻgʻulistonning Oʻzbekistondagi elchixonasida oʻzbek olimlari ishtirokida davra suhbati boʻlib oʻtdi. Uchrashuvda tomonlar ilmiy-ijodiy hamkorlikning istiqbollari borasida fikr almashdi.

 

Moʻgʻulistonning Oʻzbekistondagi elchisi Daadanxuu Batbaatar 1992-yili ikki davlat oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganidan buyon barcha sohalardagi hamkorlik rivojlanib kelayotganini qayd etdi. Ayniqsa, keyingi yillarda oʻzaro aloqalar yanada jadallashgani, mamlakatda oʻzbekistonliklar uchun 30 kunlik vizasiz rejim joriy etilganini taʼkidladi.

 

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori Hamidulla Dadaboyev turkiy tillarga, xususan, oʻzbek tiliga oʻzlashgan moʻgʻulcha soʻzlar haqida maʼlumot berdi. Oʻzbekiston universitetlarida talabalarga moʻgʻul tili va adabiyotini, Moʻgʻuliston universitetlarida esa oʻzbek tili va adabiyotini oʻqitish masalasini koʻtardi.

 

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Anvar Boʻronov 2023-yili Ulan-Batorda, 2024-yili Urganchda oʻtkazilgan oʻzbek-moʻgʻul konferensiyalari haqida gapirdi. Ilmiy yoʻnalishdagi hamkorlikni yanada kuchaytirish, ikki tilni tarixiy-qiyosiy oʻrganish boʻyicha tadqiqotlarni jadallashtirish, oʻzbekcha-moʻgʻulcha soʻzlashgich va lugʻatlar yaratish taklifini ilgari surdi.

 

“Til va adabiyot taʼlimi” jurnali bosh muharriri Farrux Jabborov oʻzbek va moʻgʻul uluslari qadimdan yagona tarixiy-madaniy makonda yashab kelgani, ikki xalqni bugun ham yaqinlashtirish uchun esa badiiy tarjimani rivojlantirish zarurligi, oʻzbek jurnalistlari ishtirokida Moʻgʻulistonga press-turlar tashkil etish ikki tomonlama manfaatli boʻlishi haqida soʻzladi.

 

Davra suhbati yakunida birinchi navbatda oʻzbekcha-moʻgʻulcha va moʻgʻulcha-oʻzbekcha soʻzlashgich yaratishga kelishib olindi. Istiqbolli rejalar yuzasidan aniq dastur ishlab chiqilishi va ishchi tartibda yana uchrashuv belgilanishi bildirildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//