2024-yil uchun tashqi qarz limiti oshirildi

Saqlash
10:02 / 06.12.2024 271 0

3-dekabr kuni boʻlib oʻtgan Qonunchilik palatasi yigʻilishida 2024-yil uchun davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonunga tashqi qarz limitini oshirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar maʼqullandi.

 

Gazeta.uz'ning yozishicha, oʻzgartirishlar uch marta oʻqib chiqilgan.

 

Yangi chaqiriq deputatlari vazirlik va idoralarning 2024-yildagi xarajatlarini 9,98 trln soʻmga yoki 775,8 mln dollarga oshirishni ham qoʻllab-quvvatlagan. Ular hujjatni muhokama qilmagan, savollar yoki qarshi ovoz bermagan. Ovoz berish natijalariga koʻra, birinchi oʻqishda barcha deputatlar bir ovozdan uni maʼqullagan. Ikkinchi oʻqishda esa 2 kishi ovoz bermagan. Uchinchi oʻqishda yana hamma bir ovozdan oʻzgarishlarni maʼqullagan. Jarayon atigi 9 daqiqa davom etgan va hech kim xarajatlarni oshirish zarurligini asoslab bermagan. Hujjat Senatga yuborilgan.

 

“2024-yil uchun Davlat byudjeti toʻgʻrisidagi qonunda Oʻzbekiston hukumati 2024-yilda jalb qilishi mumkin boʻlgan summaga cheklovlar belgilangandi. Xususan, umumiy qiymati 5 mlrd dollardan yuqori boʻlgan qarz (tashqi qarz) boʻyicha yangi xalqaro shartnomalarni imzolash taqiqlandi. Ushbu mablagʻning 2,5 mlrd dollarini byudjetni qoʻllab-quvvatlashga (xarajatlar daromadlardan koʻp boʻlganda byudjet taqchilligini qoplash), 2,5 mlrd dollarini investitsiya loyihalariga yoʻnaltirish rejalashtirilgan edi”, deb yozadi nashr.

 

Biroq hukumat davlat xarajatlari chegarasiga amal qila olmagan. Shuning uchun ham parlamentning quyi palatasi tashqi qarz chegarasini 2,3 mlrd dollarga — jami 7,3 mlrd dollargacha oshirishni maʼqullagan. Bunda 3,2 mlrd dollar (+700 mln dollar) – byudjet taqchilligini moliyalashtirish uchun, 4,1 mlrd dollar (+1,6 mlrd dollar) – investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun.

 

Maʼlumot uchun, oʻtgan yili limit 4,5 mlrd dollardan 5,5 mlrd dollargacha oshirilgan edi.

 

Taʼkidlanishicha, 2024-yilda Oʻzbekistonning davlat qarzi 34,9 mlrd dollardan 39,7 mlrd dollarga oshishi kutilmoqda. 2027-yilda esa davlat qarzi 55,9 milliard dollarga yetishi mumkin, ammo Iqtisodiyot va moliya vazirligiga koʻra, koʻrsatkichning YAIMga nisbatida oʻsish “sezilarsiz” boʻladi (36,7%).

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//