Yangi Konstitutsiya sharhlangan turkum kitoblar chop etildi

Saqlash
17:10 / 05.12.2024 297 0

Bugun, 5-dekabr kuni Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar institutida “Baxtimiz qomusining mohiyati” nomli 5 risoladan iborat turkum kitoblar taqdimoti boʻlib oʻtdi.

 

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi mutasaddilari, institut xodimlari, professor-oʻqituvchilar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari qatnashgan taqdimotda soʻzga chiqqanlar mazkur risolalarning Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Konstitutsiyasining 32 yilligiga munosib tuhfa boʻlishi bilan birga bosh qomusimiz mohiyatini fuqarolarga tushuntirish boʻyicha juda zaruriy qoʻllanma boʻlganini eʼtirof etdi.

 

 

Qoʻllanmalar institut tomonidan tayyorlanib, nashr etilgan boʻlib, ularda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi moddalari sharhlab berilgan.

 

Turkumning birinchi risolasi “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi: asosiy prinsiplar” deb nomlanadi. Unda qomusimizning milliy ildizlari, Konstitutsiya muqaddimasi va birinchi boʻlimiga kirgan masalalar, jumladan, konstitutsiyaviy tuzum yoʻnalishlari va belgilarining mazmuni, davlat suvereniteti, xalq hokimiyatchiligi, Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi va tashqi siyosat masalalari sharhlangan.

 

Konstitutsiyamizning “Inson va fuqaroning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” deb nomlangan ikkinchi boʻlimi haqida ikkinchi risolada fikr yuritilgan boʻlsa, uchinchi risolada (“Jamiyat va shaxs”) jamiyatning iqtisodiy negizlari, fuqarolik jamiyati institutlari, oila, bolalar va yoshlar hamda ommaviy axborot vositalari bilan bogʻliq masalalari sharhlangan.

 

Toʻrtinchi risola “Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy va davlat tuzilishi” deb nomlangan va unda Konstitutsiyamizning toʻrtinchi boʻlimiga kirgan masalalar, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi tashkil topganligini, uning asoslari masalalari haqida soʻz boradi.

 

“Davlat hokimiyatining tashkil etilishi” deb nomlangan beshinchi risolada esa davlat hokimiyati tuzilmasi, uning tashkil etilishi masalalariga sharh berilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//