Rubob yasash va chalish sanʼati YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritildi

Saqlash
14:52 / 05.12.2024 170 0

Rubob yasash va chalish sanʼati YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ roʻyxatiga kiritildi. Qaror 4-dekabr kuni Paragvay poytaxti Asunson shahrida YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish boʻyicha hukumatlararo qoʻmitasining 19-sessiyasida maʼqullandi.

 

“Dunyo” xabariga koʻra, Oʻzbekiston Tojikiston, Afgʻoniston va Eron bilan birgalikda nomzodlik tashabbusi bilan chiqqan.

 

Qoʻmita qarorida rubob Markaziy, Janubiy va Janubi-gʻarbiy Osiyodagi eng qadimgi musiqa asboblaridan biri ekanligi taʼkidlangan.

 

Bu sanʼat madaniy va ijtimoiy birdamlikni, madaniy almashinuv va hamjihatlikni rivojlantirishga, shuningdek, taʼlim, gender tenglik va barqaror taraqqiyotga hissa qoʻshishi alohida qayd etilgan.

 

Rubob yasash va chalish sanʼati Oʻzbekiston tashabbusi bilan YUNESKOning Reprezentativ roʻyxatiga kiritilgan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi 16-elementi boʻldi.

 

Joriy sessiya davomida YUNESKOning Butunjahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish toʻgʻrisidagi konvensiyasiga aʼzo 183 ta davlatni ifodalovchi Qoʻmitaning 24 ta aʼzo davlati konvensiya roʻyxatlariga kiritish uchun taqdim etilgan 63 ta arizani koʻrib chiqadi:

 

– Insoniyat nomoddiy madaniy merosining Reprezentativ roʻyxatiga kiritish uchun 58 ta ariza (shu jumladan, boshqa davlatlarning buyurtmanomalari boʻyicha roʻyxatga ilgari kiritilgan elementlarni kengaytirish uchun 5 ta ariza);

 

– Muddatli muhofazaga muhtoj nomoddiy madaniy meros roʻyxatiga kiritish uchun 2 ta ariza;

 

– Nomoddiy madaniy merosni saqlash boʻyicha ilgʻor tajribalar reestriga kiritish uchun 3 ta talabnoma.

 

Elementlar Muddatli muhofazaga muhtoj nomoddiy madaniy meros roʻyxatiga kiritilgandan soʻng amalga oshirilgan muhofaza choralarining ijobiy natijalari munosabati bilan Qoʻmita, shuningdek, Muddatli muhofazaga muhtoj nomoddiy madaniy meros roʻyxati elementlarini Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ roʻyxatiga oʻtkazish uchun 3 ta talabnomani koʻrib chiqadi. Roʻyxat YUNESKO saytida mavjud.

 

Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ roʻyxatiga kiritish uchun berilgan arizalar orasida Navroʻz bayrami ham bor. Arizalar Ozarbayjon, Afgʻoniston, Hindiston, Iroq, Eron, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Pokiston, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston va Moʻgʻulistondan topshirilgan.

 

2023-yilda YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosi reprezentativ roʻyxatiga Oʻzbekistonning uchta ijtimoiy-madaniy nominatsiyasi – tazkira, iftorlik va kulolchilikning badiiy bezagi, 2022-yilda ipakchilik va Xoja Nasriddin latifalari kiritildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//