Namibiyada birinchi marta ayol prezident saylandi

Saqlash
10:20 / 05.12.2024 171 0

 

72 yoshli Netumbo Nandi-Ndaytva Namibiya tarixidagi birinchi ayol prezidentga aylandi. U partizanlik urushi davridan buyon hukmron SWAPO (South West Africa People's Organisation – Janubi-gʻarbiy Afrika xalq tashkiloti) partiyasi aʼzosi boʻlgan.

 

Namibiyada 27-30-noyabr kunlari boʻlib oʻtgan saylovlar natijasiga koʻra, 72 yoshli Netumbo Nandi-Ndaytva — SWAPO partiyasining vitse-raisi prezident etib saylandi. Mamlakat Markaziy saylov komissiyasi (MSK) maʼlumotlariga koʻra, prezidentlik saylovlarida saylovchilarning 76,05 foizi qatnashgan.

 

MSK hisob-kitoblariga koʻra, Nandi-Ndaytva 58,07 foiz ovoz toʻplagan — unga 638,5 ming odam ovoz bergan. “Namibiya xalqi tinchlik va barqarorlik uchun ovoz berdi”, – deydi siyosatchi natijalar eʼlon qilinganidan soʻng.

 

Nandi-Ndaytva SWAPO mustaqillik uchun Janubiy Afrika respublikasiga qarshi partizanlik urushini olib borgan vaqtlardayoq tashkilotning faol aʼzosi boʻlgan. Bir necha yil qoʻshni Zambiyada quvgʻinda faoliyat yuritgan, 1970-yillarda SSSRda oʻqigan.

 

U 2012-yildan beri Namibiya xalqaro munosabatlar va hamkorlik vaziri lavozimida ishlab kelgan va 2015-2024-yillarda bosh vazir oʻrinbosari sifatida xizmat qilgan.

 

Toʻplangan ovozlar soni boʻyicha 67 yoshli Panduleni Itula asosiy raqobatchisidan ortda qoldi. Stomatolog va SWAPOʻning sobiq aʼzosi boʻlgan Itula 2019-yilda prezidentlik saylovlarida mustaqil nomzod sifatida ishtirok etgan va 29 foiz ovoz toʻplagan edi. Shundan soʻng u SWAPO aʼzoligidan chiqarilgan va oʻz partiyasini tuzgan. Joriy yilgi saylovlarda esa u 25,84 foiz ovoz toʻpladi. Prezidentlik lavozimi uchun jami 15 nomzod kurashdi – keyingi kandidatlar 5,04 foizdan 0,11 foizgacha ovoz toʻplagan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//