Madaniyat
Prezident qarori bilan dramaturglar uchun Mahmudxoʻja Behbudiy nomidagi mukofot hamda yosh rejissyorlar uchun Bahodir Yoʻldoshev nomidagi mukofot taʼsis etiladi.
Bunda mukofotlar boʻyicha tanlovlar har ikki yilda oʻtkazilib, ularning gʻoliblari MHTEKMning 50 barobari (taxminan 57 mln 750 ming soʻm) miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Qarorga koʻra, rejissyor – dramaturg – kompozitor – rassom tamoyili asosida ijodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan “Nigoh” ijodiy loyihasi amalga oshiriladi. Loyiha 2025-yildan boshlanadi va har yili avgust oyida oʻtkaziladi.
Milliy akademik musiqa sanʼatini rivojlantirish va ommalashtirish maqsadida esa har 2-yilda milliy kompozitorlar tanlovi oʻtkazib boriladi.
Shu bilan birga, jahon dramaturgiyasi namunalaridan tarjima qilingan asarlar boʻyicha har yili “Eng yaxshi tarjima sahna asarlari” tanlovi joriy etiladi.
Bundan tashqari, Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatri huzurida Teatr rejissyorlari akademiyasi tashkil etiladi.
Qarorda keltirilishicha, 2025-yildan boshlab har 2-yilda tarixiy va zamonaviy mavzular boʻyicha “Eng yaxshi pyesalar” tanlovi tashkil etiladi.
Oʻzbekiston teatr jamoalarining milliy reytingi tuzish ham aynan shu yildan boshlanadi.
Shu bilan birga, qaror bilan “Teatr – ibratxonadir” dasturi ham amalga oshiriladi. Bundan maqsad aholi, ayniqsa, yoshlarning teatrlarga tashriflarini doimiy qilishdir.
Ushbu dastur doirasida:
▪️ “Mahalla yettiligi” aʼzolari bilan birgalikda har oyda mahallalarda “Teatr kuni” tadbirlari oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi.
▪️ “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolar va nogironligi boʻlgan shaxslar davlat teatrlarining spektakllariga bepul kiritiladi.
Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatriga esa “Akademik” maqomi beriladi.
Oʻzbekiston davlat yoshlar teatri faoliyati ham 2026-yil yakunigacha zamonaviy namunali teatr sifatida tashkil etiladi.
2025-yil 1-yanvardan 2026-yil 31-dekabrgacha huquqiy eksperiment tariqasida Oʻzbekiston davlat yoshlar teatri hamda Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatriga moliyaviy, ijodiy va tashkiliy masalalarni mustaqil hal qilish vakolati beriladi.
Siyosat
Madaniyat
Jamiyat
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q