Oʻzbekistonlik oʻquvchilar ilk marotaba TIMSS xalqaro baholash dasturida ishtirok etdi

Saqlash
15:39 / 04.12.2024 115 0

Taʼlimdagi yutuqlarni baholash xalqaro assotsiatsiyasi (IEA) tomonidan TIMSS 2023 xalqaro baholash dasturi natijalari eʼlon qilindi.

 

Unga koʻra, Oʻzbekistondagi 8-sinf oʻquvchilarining matematik savodxonlik boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkichi 421 ball boʻlib, qatnashuvchi 44 ta davlat ichida 32-oʻrinni egallagan. Shuningdek, oʻzbekistonlik 8-sinf oʻquvchilari tabiiy fanlar (Science) savodxonligi boʻyicha 44 ta davlat orasidan 39-oʻringa (396 ball bilan) loyiq koʻrilgan.

 

Oʻzbekistonning turli hududlaridan tanlab olingan 66 ta maktabdan jami 8800 nafar oʻquvchilar (shundan, 4450 nafar 4-sinf va 4350 nafar 8-sinf) ishtirok etgan

 

4-sinf oʻquvchilari orasida ham oʻzbekistonlik 4-sinf oʻquvchilari yaxshi natija qayd etmagan. Jumladan, tadqiqotda bu yoshdagilar tabiiy fanlar (Science) savodxonligi boʻyicha 412 ball toʻplagan va ishtirokchi 58 ta davlat ichida 54-oʻrinni egallagan. Matematika savodxonligi boʻyicha esa qatnashuvchi 58 ta davlat ichida 443 ball bilan 50-oʻrinni band qilgan.

 

Bunda 4-sinflardagi qizlar (446 ball) matematika yoʻnalishida oʻgʻil bolalardan (440 ball) yaxshiroq natija qayd etgan boʻlsa, tabiiy fanlar yoʻnalishida ham xuddi shunday farq saqlanib qolgan (qizlar 414 ball, oʻgʻil bolalar 409 ball).

 

8-sinfda oʻqiydigan qizlar (395 ball) va oʻgʻil bolalar (396 ball) esa tabiiy fanlar yoʻnalishida deyarli bir xil natija qayd etgan. Matematika yoʻnalishida boʻlsa oʻgʻil bolalar (426 ball) qizlardan (416 ball) koʻra yuqoriroq natija koʻrsatgan.

 

Maʼlumot uchun, taʼlimdagi yutuqlarni baholashga qaratilgan tadqiqot Oʻzbekistonda 2023-yil aprel may oylarida oʻtkazilgan edi. Unda respublikaning barcha hududlaridan tanlab olingan 166 ta maktabdan jami 8800 nafar oʻquvchilar (shundan, 4450 nafar 4-sinf va 4350 nafar 8-sinf) ishtirok etgan.

 

Bundan tashqari, mazkur maktablarning 166 nafar direktori hamda 1035 nafar oʻqituvchi (matematika va tabiiy fanlar boʻyicha) soʻrovnomalarda qatnashgan.

 

Eslatib oʻtish lozim, Oʻzbekiston ushbu tadqiqotda ilk marotaba ishtirok etdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//