Oʻzbekistonda eng talabgir kasblar qaysi?

Saqlash
14:37 / 04.12.2024 246 0

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari mahalliy mehnat bozorida ishchi kuchiga boʻlgan talabni mutaxassisliklar kesimida oʻrgandi.

 

Tahlil jarayonida 180 ta tuman va shaharda istiqomat qiluvchi 7843 nafar ish beruvchi ishtirokida soʻrov oʻtkazilgan. Bunda soʻrovnoma 172 ta mutaxassislikni oʻz ichiga qamrab olgan.

 

Maʼlum boʻlishicha, bugungi kunda Oʻzbekiston mehnat bozorida savdo sohasi, xususan, onlayn savdo sohasida mutaxassislarga talab juda yuqori.

 

Misol uchun, soʻrovda qatnashgan ish beruvchilarning katta qismi (23,4 foizi) savdo sohasida faoliyat yuritishini bildirgan.

 

Maʼlumot uchun, respublikadagi jami korxonalar orasida savdo korxonalarining ulushi eng yuqori boʻlib, bu 32,5 foizni tashkil etadi. Ushbu koʻrsatkich esa oʻz navbatida aynan savdo sohasi mutaxassislariga talab yuqoriligini asoslaydi.

 

Keyingi oʻrinda esa qishloq xoʻjaligi va sanoat sohasi mutaxassislari joy olgan. Jumladan, soʻrovnoma yakunida qishloq xoʻjaligi va sanoat uskunalari mexanigi (1,7 foiz), qishloq xoʻjaligi va qurilish texnikasi mutaxassislari (1,4 foiz), traktor, buldozer, kombayn haydovchilari (1,4 foiz), agronomlar (1,3 foiz), kashtachi, tikuvchi va toʻquvchilarga ham talab yuqoriligi (1,7 foiz) oydinlashgan.

 

Shuningdek, taʼlim muassasalarida xorijiy tillar (ingliz, nemis, koreys va boshqa chet tillar), matematika va IT oʻqituvchilariga (1,2 foiz) ham talab bor.

 

Tahlillarga koʻra, hozirgi kunda davlat sektori va xususiy sektorga tegishli korxonalarda marketolog, IT dasturchilari, buxgalterlar, kadrlar bilan ishlash boʻyicha xodimlarga talab sezilarli darajaga yetgan.

 

Malaka talab etilmaydigan farrosh, haydovchi va bogʻbonlarga ham talab yuqori ekanligi aniqlangan.

 

“Buni ular orasida qoʻnimsizlik darajasi yuqoriligi bilan izohlash mumkin”, deyiladi tahliliy maʼlumotda.

 

MHTI ekspertlari respublika miqyosida 172 turdagi mutaxassisliklarga talab borligini aytar ekan, hududlar kesimida ayrim turdagi mutaxassislarga talab umuman yoʻqligi taʼkidlaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//