Rasmiylar oʻzbekistonliklarning BAA hududiga kiritilmagani borasida muhokama olib borishdi

Saqlash
09:10 / 03.12.2024 193 0

Kecha, 2-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari Bahromjon Aʼloyev Birlashgan Arab Amirliklarining Oʻzbekiston Respublikasidagi elchisi Said Matar al-Qamziyni qabul qildi.

 

Uchrashuvda ikki mamlakat oʻrtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilingan.

 

Shuningdek, muhokama davomida soʻnggi kunlarda Oʻzbekiston fuqarolarining Birlashgan Arab Amirliklari hududiga kirishlarida kuzatilayotgan qiyinchiliklar bilan bogʻliq vaziyat boʻyicha ham fikr almashilgan.

 

Tomonlar mavjud holatni imkon qadar qisqa muddatlarda hal qilish boʻyicha tegishli chora-tadbirlar koʻrishga kelishib olgan.

 

Maʼlumot uchun, 30-noyabr kuni Toshkent–Abu-Dabi yoʻnalishi boʻyicha Wizz Air aviakompaniyasi reysida uchgan 31 nafar Oʻzbekiston fuqarosi Abu Dabi shahridagi Shayx Zoid nomidagi xalqaro aeroportda chegaradan oʻtkazilmadi va BAA hududiga kiritilmadi.

 

Tez oʻtmay ijtimoiy tarmoqlarda mazkur holat aks etgan video va suratlar tarqalgach, Oʻzbekistonning BAAdagi elchixonasi izoh berib, aeroport maʼmuriyati va amirliklarning mutasaddi idoralari bilan muloqotda boʻlib, vaziyat nazoratga olinganini maʼlum qildi.

 

Keyinroq esa Abu-Dabi xalqaro aeroportida qolib ketgan vatandoshlarning bir qismi Oʻzbekistonga qaytarildi.

 

Wizz Air aviakompaniyasi hozirda qolgan fuqarolarni ham qaytarish choralarini koʻrayotganini maʼlum qilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//