Jamiyat
Akkreditatsiyasiz ish olib borgani uchun rossiyalik jurnalist Aleksey Pivovarov Nukus shahrida hibsga olindi.
Oʻzbekiston prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining Qoraqalpogʻiston boʻyicha hududiy boshqarmasi mazkur holatga quyidagicha izoh berdi:
“Dastlabki tekshiruv natijasida xorijiy jurnalistlar faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida oldindan akkreditatsiyadan oʻtmasdan amalga oshirilgani aniqlanib, bu amaldagi qonunchilikni buzish hisoblanadi.
Hozirda qoʻlga olinganlar Nukus shahri ichki ishlar boshqarmasida boʻlib, hodisa yuzasidan barcha holatlar oʻrganilmoqda”.
Mazkur rasmiy xabardan soʻng jurnalistning oʻzi ham Telegramdagi shaxsiy blogida post qoldirdi:
“Aytganimdek, biz hozir Oʻzbekistondamiz. Nukusda boʻlganimizda Ichki ishlar vazirligi xodimlari suhbatga taklif qilishdi. Biz gaplashdik, oʻzimiz va rejalarimiz haqida gapirib berdik. Xodimlar xushmuomalalik koʻrsatib, toʻgʻri muomala qildi. Hozir yana yoʻlga tushamiz. Hammasi yaxshi!” deya yozib qoldirgan u.
Hozirda jurnalist qoʻyib yuborilgan.
Maʼlumot uchun, Aleksey Pivovarov taniqli telejurnalist boʻlib, NTV va boshqa telekanallarda faoliyat olib borgan.
U, shuningdek, soʻnggi yillarda postsovet va uzoq xorij mamlakatlari haqida bir qator koʻrsatuvlar eʼlon qilgan “Redaksiya” Youtube kanali muallifi hisoblanadi.
Eslatib oʻtish lozim, hukumat qarori bilan 2006-yilda tasdiqlangan qoidalar tartibiga koʻra, xorijiy davlatlarning ommaviy axborot vositalari muxbirlari mamlakat hududida faoliyat olib borishi uchun Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligida akkreditatsiyadan oʻtishi shart.
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Madaniyat
Siyosat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q