Buxoro viloyatining ikki tumaniga yangi hokim tayinlandi

Saqlash
10:59 / 30.11.2024 60 0

Peshku va Vobkent tumanlari Xalq deputatlari Kengashining navbatdan tashqari sessiyalari bo‘lib o‘tdi.
 

Ularda viloyat hokimi Botir Zaripov tanqidiy-tahliliy nutq so‘zladi. Viloyat rahbari oxirgi yillarda Peshku va Vobkent tumanlardagi dolzarb muammolarni hal qilish, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi darajaga ko‘tarish borasida sezilarli o‘zgarishlar qilinganligini qayd etdi.

 

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi.

 

Yig‘ilishda viloyat hokimi Vahob Hamidovich Qahhorovni Peshku tumani hokimi lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi qarorni o‘qib eshittirdi. Ushbu masala ovozga qo‘yilib, deputatlar tomonidan tasdiqlandi.

 

Shundan so‘ng Botir Zaripov 2021 yildan beri Kogon shahar hokimi vazifasida ishlab kelayotgan Hayot Hasanovich Davlatov nomzodini Peshku tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risidagi viloyat hokimining qarorini o‘qib eshittirdi.

 

Hayot Hasanovich Davlatov Peshku tumani hokimi etib tasdiqlandi.

 

Bundan tashqari, Xalq deputatlari Vobkent tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

 

Sessiyada xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, tuman faollari ishtirok etdi.

 

Sessiyada viloyat hokimi Botir Zaripov  nutq so‘zladi.

 

Vobkent tumani hokimi vazifasida 2021-yildan beri ishlab kelayotgan Farhod Umarov sog‘ligi yomonlashganligi munosabati bilan o‘z arizasiga binoan egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.

 

Qorovulbozor tumani hokimi vazifasida ishlab kelayotgan Akmal Anvarovich Ostonov nomzodini Vobkent tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risidagi viloyat hokimining qarori o‘qib eshittirildi.

 

Kun tartibidagi masala yuzasidan tuman Kengashi deputatlari va faollari o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

 

Akmal Ostonov Vobkent tumani hokimi etib tasdiqlandi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//