Iqtisod
Oʻzbekiston respublika valyuta birjasi bozor maʼlumotlari AQShning moliyaviy-iqtisodiy yangiliklar boʻyicha nufuzli Bloomberg agentligining terminalida joylashtirilmoqda.
Bu bilan endilikda agentlik mijozlari Oʻzbekistonning valyuta va pul bozorlari, shuningdek, davlat qimmatli qogʻozlari hamda derivativlar bozorlaridagi narxlar va koʻrsatkichlaridan foydalanish imkoniyatiga ega boʻladi.
Maʼlumot uchun, bugungi kunda Oʻzbekiston respublika valyuta birjasi(OʻzRVB) ishtirokchilari 35 ta mahalliy tijorat banki, 6 ta brokerlik kompaniyasi va 1 ta xorijiy kastodian bankdan iborat.
Bloomberg terminalida OʻzRVB maʼlumotlarining mavjudligi chet el investorlariga Oʻzbekiston moliya bozorini chuqurroq tushunish va undagi tendensiyalarni tahlil qilish imkoniyatini beradi. Bu esa yanada asosli investitsiya qarorlarini qabul qilishga yordam beradi va xatarlarni baholashni osonlashtiradi.
“Bloomberg bilan mazkur hamkorlik global bozorlar ishtirokchilariga birjaning turli segmentlarida OʻzRVBning dolzarb va aniq maʼlumotlarini olishga, bu orqali oʻz aktivlarini yanada samarali boshqarishga yordam beradi. Maʼlumotlarning shaffofligi va ochiqligini oshirish bozorga boʻlgan ishonchni mustahkamlaydi va likvidlilikning oʻsishini taʼminlaydi”, deydi OʻzRVB bosh direktori Rashid Usmonov.
Iqtisodchi bloger Otabek Bakirovning soʻzlariga koʻra, bunday qulaylik ortidan “butun dunyo investorlari Oʻzbekistonda oʻz investitsiya gʻoyalarini samarali shakllantirishi va baholashi mumkin boʻldi”. Chunki Bloombergʼning bu yangilikni amalga oshirgani Oʻzbekiston moliya bozorini chuqurroq tushunish va undagi tendensiyalarni tahlil qilish imkoniyati yaratdi.
Taʼkidlash lozim, OʻzRVB 1992-yilda tashkil etilgan boʻlib, Oʻzbekistondagi eng yirik koʻp funksiyali birja platformasi hisoblanadi. U valyuta va pul bozorlari, derivativlar va davlat qimmatli qogʻozlari bozorlarida savdolarni tashkil etish, shu jumladan, savdolardan oldingi va keyingi xizmatlaridan iborat toʻliq xizmatlar majmuini taqdim etadi.
Birjaning asosiy afzalliklaridan biri bu bozorning barcha segmentlarini yagona platformada birlashtirgan integratsiyalashgan savdo tizimi hisoblanishidir.
*Izoh: kastodian bank – mijozlarning qimmatli qogʻozlari va boshqa moliyaviy aktivlarini saqlaydigan, shuningdek, ushbu qimmatli qogʻozlarni boshqaruvchi bank.
Ilm-fan
Jahon
Jamiyat
Sport
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q