Suv uchun onlayn toʻlov, ipoteka krediti, “Ijtimoiy karta” – 1-dekabrdan nimalar oʻzgaradi?

Saqlash
11:50 / 29.11.2024 71 0

Suv taʼminoti uchun toʻlovlarni naqd pul shaklida amalga oshirish toʻxtatiladi

 

Ichimlik suvi va kanalizatsiya uchun toʻlovlar faqat onlayn amalga oshiriladi. Bundan maqsad – mazkur sohasida shaffoflikni taʼminlash va korrupsiya holatlariga qarshi kurashish.

 

Uy-joyni yaxshilash uchun ipoteka kreditiga arizalar qabul qilish boshlanadi

 

Bunda yakka tartibdagi uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va taʼmirlash maqsadlari uchun 120 mln soʻmgacha kredit mablagʻi 20 yilgacha muddatda ajratiladi. Kredit berishda “Mahalla yettiligi” tavsiyasi asosiy rolni oʻynaydi.

 

Mablagʻlar Markaziy bank asosiy stavkasidan toʻrt foiz bandga yuqori stavkada taqdim etiladi.

 

Bu jarayonda boshlangʻich toʻlovning bir qismini qoplashga kreditning 15 foizi miqdorida, besh yilgacha foiz toʻlovlarining 12 foizdan oshgan qismiga subsidiya beriladi. Uni “subsidyplatform.mf.uz” toʻlov platformasi orqali olish mumkin.

 

Xorijga ishga ketmoqchi boʻlgan fuqarolarni oʻqitish boʻyicha buyurtmalar joylashtirib boriladi

 

Yangidan tuzilgan Migratsiya agentligi tomonidan taʼlim tashkilotlarida xorijga ishga ketmoqchi boʻlgan fuqarolarni kasb-hunar va chet tillariga oʻqitish boʻyicha buyurtmalar joylashtirish tartibi joriy etiladi.

 

Shuningdek, xususiy bandlik agentliklari tomonidan litsenziya olish uchun zaxira qilinadigan mablagʻlar miqdori BHMning 8500 baravaridan 4000 baravarigacha tushiriladi.

 

“Meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilarni baholash” tizimi joriy etiladi

 

2024-yil 1-dekabrdan fermer va dehqon xoʻjaliklarining nufuzini oshirish, qayta ishlovchi va eksport qiluvchi korxonalarga koʻmaklashishga qaratilgan “meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilarni baholash” tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

 

Kambagʻal oilalar reyestri shakllantiriladi

 

Prezident Farmoni bilan “Kambagʻal oilalar reyestri” tuziladi. U “mahalla yettiligi” tomonidan kambagʻal oilalarning ijtimoiy sharoiti va kambagʻallikka tushish sabablarini oʻrganish natijasida Ijtimoiy himoya milliy agentligi shakllantiriladi.

 

Aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tartibi tubdan takomillashtiriladi

 

1-dekabrdan boshlab yangidan tayinlanadigan ijtimoiy toʻlovlar, xizmatlar va imtiyozlar “Ijtimoiy karta” ATdan taqdim etiladi. Shuningdek, yangi nafaqaga chiquvchilarga “Ijtimoiy karta”lar beriladi.

 

Maʼlumot uchun, Oʻzbekistonda joriy yilning 1-oktyabridan ijtimoiy yordam oluvchi fuqarolar uchun ijtimoiy karta joriy etilishi rejalashtirilgan edi. Mazkur karta orqali transport va kommunal sohalarda imtiyozlardan foydalanish mumkin boʻlishi ham aytilgan.

 

Tazyiq oʻtkazgan va zoʻravonlikka uchraganlarga himoya orderi tashabbus tartibida beriladi

 

1-dekabrdan bir kalendar yil davomida ikki va undan ortiq marta tazyiq va zoʻravonlik holati boʻyicha murojaat qilinganda ichki ishlar organlari tomonidan himoya orderi tashabbus tartibida beriladi.

 

Avtomobillarni roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha murojaatlar onlayn qabul qilinadi

 

Hukumat qaroriga koʻra, 1-dekabrdan boshlab YHXB mobil ilovasi, xizmatning rasmiy sayti, Call-markazi yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (yaʼni, my.gov.uz) orqali avtomobillarni roʻyxatdan oʻtkazish va raqam berish boʻyicha murojaatlarni yuborish va oʻsha yerning oʻzida toʻlovni amalga oshirish mumkin boʻladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//