“Banklarimiz amaliyotida sanksiya bo‘yicha qat’iy pozitsiyamiz bor” — Markaziy bank raisi

Saqlash
18:21 / 24.10.2025 29 0

 

Markaziy bank raisi Timur Ishmetov 24-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Rossiyaning “Rosneft” va “Lukoyl” neft kompaniyalariga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarning O‘zbekistonga ehtimoliy ta’siriga izoh berdi.

 

Uning so‘zlariga ko‘ra, har qanday xalqaro sanksiyalar bevosita yoki bilvosita O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’sir qiladi va regulyator o‘z prognozlarida ushbu xatarlarni hisobga oladi.

 

“Butun dunyoda bo‘lgan o‘zgarishlarning O‘zbekiston iqtisodiyotiga bevosita yoki bilvosita, ozmi yoki ko‘p, kichikmi yoki katta, baribir, ma’lum davrda ta’siri bo‘ladi”, — dedi Ishmetov.

 

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Yevropa Ittifoqining so‘nggi sanksiya choralari, jumladan, neft mahsulotlariga cheklovlar ta’sir qilishi ehtimoli istisno etilmaydi. Biroq, uning ta’kidlashicha, bunday yetkazib berishlar odatda uzoq muddatli shartnomalar asosida amalga oshiriladi.

 

Uning ta’kidlashicha, sanksiyalar kiritilgandan keyin odatda davlatlar o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tadi. Sanksiyalarga aloqasi bo‘lmagan bo‘lgan mamlakatlar bunday choralar ularning iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydigan shartlarga erishadi.

 

“Muzokaralarda sanksiyalardan maqsad uchinchi davlatlarga yoki ularning xalqiga zarar yetkazish emasligi inobatga olinadi. Boshqa — uchinchi davlatlarga ta’sir qilmasligi uchun sharoit yaratish maqsadida doimiy muzokaralar o‘tkaziladi. Buning shunday tartibi bor. Aminmanki, xuddi shunaqa [muzokaralar] amalga oshiriladi. Niyat qilamizki, katta ehtimol bilan, xavf unaqa yuqori bo‘lmasligi kerak”, — dedi u.

 

Timur Ishmetov bank sektorida ikkilamchi sanksiyalar xavfini minimallashtirish muhimligini alohida ta’kidladi.

 

“Biz ikkilamchi sanksiyalar xavfiga tushish masalasiga judayam jiddiy qaraymiz. Bir necha yillar bo‘ldi, shukur, so‘nggi ikki-uch yilda sanksiyaviy komplayens ham, umuman, bank tizimida sal bo‘lsa ham takomillashdi va doimiy takomillashtirilib boriladi”, — dedi u.

 

Markaziy bank raisining eslatishicha, regulyator boshidanoq qat’iy pozitsiyani belgilab olgan:

 

“Banklarimiz amaliyotlarida sanksiya ostidagi tovarlar, tashkilotlar va banklar bilan hamkorlik qilmaslik, ishlamaslik bo‘yicha qat’iy pozitsiyamiz bor, buni aytganmiz. Buni jamoatchilikka ham, banklarning o‘ziga ham aytganmiz. Biz buni qat’iy nazorat qilamiz. Va, o‘ylaymanki, aynan shunday ishlashimiz banklarimizning birorta sanksiyaga tushmasligiga olib keldi. Biz bu yo‘nalishda qat’iylikni davom ettiramiz”, — dedi u.

 

O‘zbekiston Markaziy banki Rossiya oltinining reeksporti bilan shug‘ullanmasligi haqidagi savolga Ishmetov quyidagicha javob berdi.

 

“Umuman haqiqatan yiroq bo‘lgan ma’lumot. Biz hech qachon boshqa davlatlardan oltin sotib olmaganmiz va sotib olish niyatimiz yo‘q. Xudoga shukur, o‘zimizga yetarli oltinimiz bor”, dedi regulyator rahbari.

 

Uning aytishicha, bu haqdagi maqola The Economist jurnalida chiqqan, keyinroq maqoladagi xatolik to‘g‘rilangan.

 

“Bir necha oy oldin haqiqatan ham The Economist jurnalida maqolada shunday ma’lumot chiqdi. Biz ularga rasmiy murojaatlar qilib, bu ma’lumot qayerdan olinganligi bo‘yicha savol qo‘ydik, noto‘g‘riligini ko‘rsatdik. Ular keyingi sonida shu maqolasida xatoligini to‘g‘rilab qo‘ydi. Juda ham bir tushunarsiz holat bo‘lgan, noprofessionalizm, bizni hayron qoldirdi”, — dedi Ishmetov.

 

“Umuman haqiqatan uzoq, umuman bir bema’ni ma’lumot. Hech qanday bir bunga qanaqadir talab yoki muhtojlik yo‘q”, — deya qo‘shimcha qildi MB raisi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//