Oʻzbekistonda “Shaffof shaharlar” va “Halol tumanlar” dasturi yoʻlga qoʻyiladi

Saqlash
17:25 / 28.11.2024 234 0

 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida davlat hokimiyati organlarida korrupsiya xavflarini aniqlash, oldini olish hamda bartaraf etishga qaratilgan “Shaffof shaharlar” va “Halol tumanlar” dasturlari yoʻlga qoʻyiladi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, ushbu dasturlar Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha milliy ekotizimni mustahkamlash” qoʻshma loyihasi doirasida amalga oshiriladi. Taʼkidlanishicha, dastlabki bosqichda dastur Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumani, Jizzax shahri va Buxoro viloyatining Vobkent tumanida amalga oshiriladi.

 

“Shaffof shaharlar” va “Halol tumanlar” - bu idora va tashkilotlar ichida korrupsiyaning har qanday koʻrinishini istisno etadigan halollik, shaffoflik va axloqning yuqori standartlari amal qiladigan maxsus yaratilgan hududlardir.

 

Ushbu loyihalar asosidagi metodologiya Markaziy va Sharqiy Yevropa hamda Janubi-Sharqiy Yevropaning 11 mamlakatida oʻz samaradorligini isbotlagan. U 30 ta mahalliy hokimiyat organida qoʻllanildi va 2011-yilda davlat xizmatini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun BMT mukofotiga sazovor boʻldi.

 

Xabarga koʻra, ushbu chora-tadbirlar korrupsiyadan xoli hududlarni yaratishga yordam beradi va ular muvaffaqiyatli amalga oshirilgandan soʻng dastur boshqa barcha tuman va shaharlarga tatbiq etiladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//