Toshkentda jamoat transporti xizmati tun-u kun ishlash rejimiga oʻtkazilishi mumkin

Saqlash
17:54 / 27.11.2024 54 0

Strategik islohotlar agentligi tomonidan Oʻzbekistonda tungi iqtisodiyotni yanada rivojlantirish masalalari oʻrganilib, tegishli takliflar tayyorlandi.

 

Shulardan biri Toshkent shahridagi jamoat transportini (avtobuslar, tramvay, metro) kecha-kunduz ishlash rejimiga oʻtkazishdir (taklif).

 

Bunga tungi vaqtlarda poytaxtdagi transport xizmatiga boʻlgan talablar faqatgina shaxsiy yoʻnalishsiz taksi xizmatlarining faoliyati evaziga qondirilayotgani, biroq tungi rejimda xizmat koʻrsatuvchi jamoat transporti harakati yoʻlga qoʻyilmagani sabab sifatida keltirilgan.

 

Maʼlumot uchun, Toshkent shahrida avtobuslar harakati 05:00 dan 23:00 gacha, metro harakati esa 05:00 dan 00:00 ga qadar xizmat koʻrsatishi belgilangan.

 

Bundan tashqari, takliflar roʻyxatida 2025-yil 1-fevraldan boshlab tungi iqtisodiyot va turizmni rivojlantirishga qaratilgan ishchi guruh tashkil etish kerakligi aytiladi (taklif). Chunki Toshkent shahrida tungi vaqtlarda madaniyat va sanʼat muassasalari hamda sport va koʻngilochar dam olish maskanlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish imkoniyati mavjud. Shuningdek, bu poytaxtda turistik salohiyatga ega hududlarni belgilab, ushbu hududlarda tungi faoliyat zonalarini tashkil qilishga (taklif) ham zamin hozirlaydi.

 

Hozirda tunda faoliyat olib boradigan majmualar (kafe, tungi klub, muzey, sport majmualari va boshqalar) haqida mahalliy va xorijiy turistlar maʼlumot olishlari uchun elektron platforma yaratilmagan. Shuning uchun ham “Tungi Toshkent” elektron platformasini ishlab chiqish hamda ushbu platformada tunda faoliyat olib boradigan maskanlar, tungi jamoat transporti yoʻnalishlari hamda maxsus arzonlashtirilgan takliflar haqida maʼlumot olish imkonini yaratish ham lozim (taklif). Shu bilan birga, tungi iqtisodiyotni rivojlantirish maqsadida belgilangan muayyan hududlarni modernizatsiya qilish, koʻchalarda yoritish tizimini kuchaytirish hamda aholi va turistlar uchun qoʻshimcha qulayliklar yaratish (taklif) ham kerak.

 

Agentlik bir qator muammolarni yuqorida koʻrsatilgandek tahlil qilgach, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekistonda tungi iqtisodiyotni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni loyihasi hamda tungi iqtisodiyotni rivojlantirish va litsenziyalar berish tartibini isloh qilishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini ishlab chiqish zarurligini qayd etgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//