Oʻzbekistonda nomaʼlum xavfli virus qayd etildimi?

Saqlash
16:37 / 26.11.2024 135 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda xavfli virus tarqalayotgani va kasallik koʻproq bolalarga taʼsir qilib, ularda pnevmoniyani keltirib chiqarayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda.

 

Sogʻliqni saqlash vazirligi holatga eʼtibor qaratib, rasmiy munosabat bildirdi.

 

Maʼlumki, bir necha hafta oldin yurtimizda havo harorati keskin pasayishi natijasida koʻpchilik xonalardagi issiqlikni moʻtadil saqlab turish uchun eshik-derazalar, tirqishlar zichlab yopildi. Oqibatda xonadonlar va yopiq bino-inshootlarda havo almashinuvi kamaydi va atmosferada viruslar konsentratsiyasi oshishi kuzatildi. Biroq havo-tomchi yoʻli orqali yuqadigan respirator kasalliklar mavsumiy xarakterga ega. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Nurmat Atabekovning soʻzlariga koʻra, kuz-qish davrida esa ularning koʻtarilishi kuzatiladi va bundan zinhor xavotirga tushish kerak emas.

 

'“Yangi viruslar paydo boʻldi” degan xabarlarga kelsak, mana, hozirgacha dunyoda koronavirusning 45 mingga yaqin mutatsiyalari yuzaga keldi va hamon bu jarayon toʻxtagani yoʻq. Biroq oʻtgan davrda ulardan faqat 10-15 tasi kasallik chaqirdi, xolos. Shu maʼnoda, mutatsiyalardan vahima yasash kerak emas”, deydi mutaxassis.

 

Uning qoʻshimcha qilishicha, hozir kuzatilayotgan oʻtkir respirator virusli infeksiyalar avj olish jarayonini tabiiy holat deb qabul qilish zarur.

 

Xabarda eslatilishicha, Oʻzbekiston hududida qaysi viruslar aylanib yurganini kuzatib boruvchi monitoring tizimi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, tegishli laboratoriyalarda bemorlardan olingan virus namunalari doimiy ravishda tekshirilib, tahlil qilib boriladi.

 

“Shunga asoslanib aytishim mumkinki, bugungi kunda mamlakatimiz hududida tibbiyot uchun notanish va nomaʼlum boʻlgan viruslar aylanib yurishi qayd etilgani yoʻq. Balki aniqlanayotgan kasalliklarning aksariyati mavsumiy respirator xastaliklardir”, deydi Atabekov.

 

Maʼlumot uchun, oʻtkir respirator kasalliklar bir necha klinik belgilar bilan namoyon boʻladi. Dastlab burun shilliq qavatida qichishish, keyinchalik hid bilish qobiliyati qisman pasayishi, aksirish, burun oqishi kuzatiladi.

 

Navbatdagi bosqichda tomoqda achishish, qurish, ogʻriq, ovoz boʻgʻilishi va quruq yoʻtal paydo boʻlishi mumkin. Kasallikdan tuzalish bosqichida esa balgʻam koʻchishi, xastalikning yumshashi, yoʻtal chogʻida ogʻriqlar pasayishi singari holatlar qayd etiladi.

 

Buning oldini olish va epidemiologik vaziyat barqarorligini taʼminlash uchun bemorlar jamoat joylariga chiqishdan, imkon qadar odamlar bilan muloqotdan qilishdan saqlanishlari soʻraladi.

 

Bemorlar va ularning parvarishi bilan shugʻullanayotgan shaxslar esa tibbiy niqobda boʻlishlari tavsiya etiladi.

 

Mutaxassis xastalik belgilari kuzatilgan shaxslarga shifokorga murojaat qilib, davo muolajalarini boshlashni maslahat berdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//