Jamoat transportlarida yoʻlkira narxlari koʻtarilishi kutilmoqda

Saqlash
09:38 / 26.11.2024 61 0

Foto: Spot.uz

 

Toshkent shahrining jamoat transporti yoʻnalishlarida (avtobus va metropoliten) qatnovlarni amalga oshirish uchun toʻlanadigan yoʻlkira haqi koʻtarilishi mumkin.

 

Bu haqidagi Toshkent shahar hokimining qaror loyihasi kecha, 25-noyabr kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.

 

Hujjatga koʻra, yoʻlkira haqining cheklangan tariflari quyidagicha belgilanishi mumkin:

▪️ bir yoʻlovchi qatnovi uchun cheklangan tarif – 3 000 (uch ming) soʻm. Bunda, bir yoʻlovchi qatnovi uchun 1 (bir) martalik toʻlov elektron toʻlov tizimi orqali amalga oshirilganda, ragʻbatlantiruvchi chegirma qoʻllanilgan holda — 1 700 (bir ming yetti yuz) soʻm undiriladi;

 

▪️bir yoʻlovchining bagajini tashish boʻyicha xizmat uchun – 4 000 (toʻrt ming) soʻm;

 

▪️qatnovlar soniga bogʻliq holda belgilangan tarif rejalarini hisoblash uchun cheklangan tarif – 1 600 (bir ming olti yuz) soʻm.

 

Yuqoridagi oʻzgarishlardan qatʼiy nazar, qatnovlar soniga bogʻliq holda belgilangan transport kartalarining va transport kartalaridan foydalanilgan holda bir soat ichida bir yoʻnalishli yoʻlovchi transportidan boshqasiga oʻtish sonidan kelib chiqqan holda imtiyozli va bepul tarif rejalarining narxlari oʻzgarishsiz qoldiriladi.

 

Bundan tashqari, qaror loyihasida Toshkent shahri yoʻnalishlaridagi barcha avtobuslar salonida yoʻlkira haqini naqd pulda olish amaliyotidan voz kechilishi, buning oʻrniga yoʻlkira haqini faqat elektron tarzda qabul qilish amaliyoti joriy etilishi aytiladi.

 

Elektron toʻlovlarni amalga oshirishda amaldagi kunlik va oylik tariflarga qoʻshimcha ravishda qatnovlar sonidan kelib chiqib, koʻp martali tarif rejalari tasdiqlanishi mumkin.

 

Maʼlumot uchun, qaror loyihasi boʻyicha muhokamalar joriy yilning 10-dekabrida yakunlanadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//