Turkiyaga bormoqchi boʻlgan oʻzbekistonliklar ogohlantirilmoqda

Saqlash
16:55 / 22.11.2024 66 0

Oʻzbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi soʻnggi vaqtlarda belgilangan miqdorlardan ortiq tamaki mahsulotlarini Turkiyaga olib kirishga uringan oʻzbekistonliklarga nisbatan “kontrabanda” aybini qoʻyish holatlari ortib borayotganini maʼlum qildi.

 

Jumladan, hozirgi kunda Turkiya jazoni ijro etish muassasalarida 20 dan ortiq Oʻzbekiston fuqarolari belgilangan miqdordan ortiq tamaki mahsulotlarini olib kirgani sababli qamoqda saqlanmoqda.

 

Shu sababli konsullik Turkiyaga safar qilishni rejalashtirayotganlarga bir qator muhim maʼlumotlarni eslatdi.

 

Xususan, bu mamlakatda tamaki mahsulotlari uchun cheklovlar mavjud. Bunda 18 yoshdan katta yoʻlovchilar shaxsiy foydalanish uchun quyidagi miqdorda tamaki mahsulotlarini olib kirishlari mumkin:

• 600 dona sigareta (30 pachka yoki 3 blok);

• 50 dona sigara.

 

Shuningdek, cheklovlar elektron sigaretalarga ham taalluqli. Turkiya qonunchiligiga koʻra, har bir yoʻlovchi shaxsiy foydalanish uchun quyidagi miqdorda elektron sigaretalarni olib kirishi mumkin:

• 10 dona bir martalik elektron sigareta;

• 1 dona koʻp martalik elektron sigareta qurilmasi;

• 200 dona almashtiriladigan stiker yoki 30 ml suyuqlik.

 

Tijorat maqsadlarida tamaki mahsulotlarini olib kirish man etiladi.

 

“Tamaki mahsulotlarini noqonuniy olib kirganligi sababli Turkiya sud idoralari tomonidan belgilangan jarimalarni toʻlangandan soʻng sizga nisbatan qoʻllangan jarima yechilganligini qayta tekshiring va ishonch hosil qiling.

 

Izoh: Jarimani toʻlagan, ammo turk idoralari qaydlarida jarima yechilmaganligi yurtdoshlarimizni chegarada qoʻlga olinishi sabab boʻlmoqda”, deyiladi xabarda.

 

Konsullik bu davlatga tashrif buyuruvchilarga safardan oldin Turkiyaning bojxona qoidalari bilan tanishib chiqish, belgilangan meʼyorlardan ortiqcha mahsulotlarni olib kirishga urinmaslikni tavsiya qilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//