Xorijliklar uchun “Vatandosh” kartasi joriy etildi

Saqlash
12:23 / 22.11.2024 65 0

Prezident Qarori bilan “Vatandosh” guvohnomasi va “Vatandosh” kartasini rasmiylashtirish, berish hamda bekor qilish tartibi toʻgʻrisida Nizom tasdiqlandi.

 

Aynan mazkur hujjat bilan yurtimizning iqtisodiy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etishga intilayotgan vatandoshlarga “Vatandosh” guvohnomasini va “Vatandosh” kartasini rasmiylashtirish, berish hamda bekor qilish tartibi belgilandi.

 

Bunda vazirlik va idoralar tomonidan taklif va tashabbus asosida guvohnoma berish boʻyicha taqdim etilgan nomzodlarni koʻrib chiqish uchun Komissiyaga tavsiyanoma kiritiladi.

 

Maʼlumot uchun, “Vatandosh” guvohnomasi bu xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni ragʻbatlantirish shakli boʻlib, yurtimizning iqtisodiy va ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan, mamlakatimizning boshqa davlatlar bilan doʻstona munosabatlarini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshayotgan, respublikada xayriya (metsenatlik) faoliyatini amalga oshirayotgan vatandoshlarga minnatdorchilik va tashakkur belgisi hisoblanadi. Aynan mazkur hujjat “Vatandosh” kartasini olish uchun asos hisoblanadi.

 

Ushbu “Vatandosh” kartasi guvohnoma asosida 5-yil muddatga (vatandosh milliy pasportining amal qilish sanasidan oshmagan holda) beriladi. U Oʻzbekiston Respublikasi hududida belgilangan imtiyozlardan foydalanish huquqini beruvchi ID karta shaklidagi hujjat boʻladi.

 

Kartaga ega vatandoshlarga quyidagi huquqlarga ega boʻladi:

▪️ Oʻzbekiston Respublikasiga hududiga vizasiz kirish va chiqish;

 

▪️ mamlakat hududida koʻchmas mulk sotib olishda chet el fuqarolariga nisbatan belgilangan koʻchmas mulkning miqdorlari tatbiq etilmaydi va Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi talab qilinmaydi;

 

▪️ xorijiy fuqaroga beriladigan mehnat faoliyatiga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarsiz mehnat faoliyati bilan shugʻullanish;

 

▪️ Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan shartlarda tibbiy, taʼlim va boshqa davlat xizmatlaridan foydalanish.

 

Bundan tashqari, karta egalarining oila aʼzolariga (masalan, ota-onasi, er (xotini) va voyaga yetmagan farzandlari) quyidagi imtiyozlar beriladi:

 

✔️ amaldagi viza muddatini uzaytirishda Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqish zaruratisiz cheklanmagan miqdorda uzaytirish imkoniyati bilan davlat boji undirilmasdan koʻp martalik viza olish;

 

✔️ Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan shartlarda tibbiy, taʼlim va boshqa davlat xizmatlaridan foydalanish;

 

✔️ vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olishni davlat boji undirilmasdan ichki ishlar organlarida rasmiylashtirish va uzaytirish.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//