Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi hamda BMT hamkorligida Samarqand deklaratsiyasi qabul qilindi

Saqlash
15:15 / 21.11.2024 38 0

 

2024-yil 2-5-oktabr kunlari Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi tashabbusi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti, BMTʻning Aholishunoslik jamgʻarmasi (UNFPA) hamkorligida Samarqand shahrida “Aholining turmush darajasini oshirishda mahallaning oʻrni” mavzusidagi I xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.

 

Unda aholi turmush darajasini oshirish, dunyoqarashini oʻzgartirish, ijtimoiy faolligini kuchaytirish, “Kambagʻallikdan farovonlik sari” gʻoyasi asosida aholi vakillarining turmush tarziga yangicha maʻno-mazmun olib kirish boʻyicha milliy, xorijiy va xalqaro tajriba yuzasidan fikrlar almashildi.

 

Yangi Oʻzbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mahalla institutining jamiyatdagi mavqeyini oshirish, uning maqomini mustahkamlash va vakolatlarini kengaytirishga doir izchil va tizimli islohotlar amalga oshirilayotgani, mahallaning aholi muammolarini hal etishda birlamchi va muhim boʻgʻin sifatida ishlashi taʻminlangani qayd etildi.

 

Xalqaro qatnashuvchilar Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli va shiddatli islohotlar, shu jumladan, mahalla institutining rolini tubdan oshirish, aholi muammolarini joyida hal etishda birinchi boʻgʻin sifatida ishlashini taʻminlovchi, mahalla xalq bilan davlat oʻrtasidagi ijtimoiy koʻprik vazifasini amalga oshiruvchi mustaqil va xaqchil tuzilmaga aylangani yuksak baholadi.

 

Shuningdek, mahalla noyob fuqarolik jamiyati instituti sifatida ijtimoiy boshqaruv va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga innovasion yondashuvning betakror namunasi ekanligi, u nafaqat zamonaviy muammolarga samarali yechim topishi, balki oʻzbek xalqining boy madaniy-tarixiy va milliy merosini oʻzida jamlagan milliy demokratik tuzilmaligi eʻtirof etildi.

 

Soʻnggi yetti yil davomida mahalla tizimini takomillashtirish maqsadida 100 ga yaqin normativ huquqiy hujjat qabul qilindi. Barcha sohalarda “mahallabay” ishlash usuli keng joriy etildi. “Mahalla beshligi” – mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektoridan iborat taʻsirchan tuzilma oʻzini samarali boshqaruv vositasi sifatida namoyon etib, uning yanada rivojlanishi va kengayishiga olib keldi. Shu bois uning tarkibiga soliq idoralari xodimlari va ijtimoiy xodimlarni kiritib, “mahalla yettiligi” tizimiga aylantirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

 

Mahalla institutining ijtimoiy-maʻnaviy hayotdagi ulkan ahamiyatini anglab, 22-mart kuni rasman “Mahalla tizimi xodimlari kuni” deb eʻlon qilindi. Bularning barchasi mahalla instituti Oʻzbekistonda yuqori samaradorlik koʻrsatayotgani dalili boʻldi.

 

Tadbir yakunida xalqaro konferensiya ishtirokchilari oʻz tavsiya va takliflarini bildirdi.

 

Jumladan, jahon hamjamiyatini Oʻzbekistondagi noyob boʻlgan oʻzini oʻzi boshqaruv tizimi “Mahalla” bilan yaqindan tanishtirish borasida xalqaro darajada targʻibot va tashviqot ishlarini kuchaytirish taklif qilindi.

 

BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda mahallaning rolini keskin oshirish, jadal oʻzgarib borayotgan tahlikali dunyoda UNICEF tashkiloti mahallani ushbu mamlakatdagi bolalar uchun yaxshi boʻlgan barcha narsalarning langari va Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiyani amalga oshirish uchun kuchli platforma sifatida koʻrishi taʻkidlandi.

 

Qolaversa, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatuvchi kompaniyalarni tashkil etish lozimligi, bu jarayonda “Xitoyning yaxshi uy xoʻjaligi” kompaniyasi tajribasi va modelini taqdim etish va mahalliy aholiga xizmat koʻrsatish, bandlik samaradorligini oshirish va aholi turmush darajasini yaxshilash uchun Toshkent shahrida standartlashtirilgan xizmat koʻrsatish korxonasini qurish kerakligi aytildi.

 

Shu bilan birga, Toshkent shahrida “Mahalla akademiyasi” tashkil etilib, xitoylik mahalliy assosiatsiyalar rahbarlari va biznes menejerlarining nazariy va amaliy oʻqitish tizimini yaratish lozim. Unda uyni tozalash, qariyalarga qarash va boshqa texnologiyalar hamda jihozlardan foydalanish qoidalari oʻrgatiladi.

 

Mahalla faoliyati, tadbirlari va xabardorlikni taʻminlash uchun maxsus mobil platformalar yoki ilova yaratish joizligi, mahalla aholisi orasida ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish uchun zamonaviy platforma yoki veb-sayt yaratish, bu loyihalarni moliyalashtirish uchun jamoatchilikni jalb etish kerakligi alohida qayd etildi.

 

Samarqand konferensiyasi ishtirokchilari mazkur taklif va tavsiyalarni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga va tegishli xalqaro tashkilotlarga yetkazishini maʻlum qildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//