Raqobat qoʻmitasi “fuqarolarning diniy tuygʻularidan foydalanib, “moʻjizakor” dorilarni reklama qilayotganlarni ogohlantirdi

Saqlash
11:08 / 21.11.2024 55 0

 

Qoʻmita bunday turdagi reklamalar isteʻmolchilarning rejali (anʻanaviy) davolashdan voz kechib, oʻz-oʻzini davolash usullarini keng qoʻllashiga, hattoki fojiali holatlarga sabab boʻlayotganini maʻlum qildi.

 

“Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar hamda Telegramʻda tashkil etilgan guruh va kanallar orqali ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalar, malhamlar, surtmalar, balzamlar, damlamalar, suvlarning tibbiyotda davolash qiyin boʻlgan kasalliklarni davolash va oldini olishda (profilaktikada) eng maqbul va samarali vosita koʻrinishida targʻibot qilish kuchaymoqda.

 

Bunda ushbu mahsulotlarning reklamasi “ming bir xastalikka davo” sifatida, “moʻjizakor” taʻsiri haqida isteʻmolchilarni chalgʻitadigan yolgʻon yoki noaniq, boʻrttiruvchi iboralar asosida joylashtirilishi, taniqli shaxslar va jamoat arboblari tomonidan mazkur mahsulotlarni tavsiya qilinishi, davolashda foydalanganliklari, taʻsir doirasi va terapevtik samaradorligi haqida fikrlar bildirilishi isteʻmolchilarning rejali (anʻanaviy) davolashdan voz kechib, oʻz-oʻzini davolash usullarini keng qoʻllanilishiga, hattoki fojiali holatlarga sabab boʻlmoqda” deyiladi qoʻmita bayonotida.

 

Qoʻmita xabarida qayd etilishicha, ayniqsa, reklama lavhalarida fuqarolarning diniy tuygʻularidan foydalangan holda dalil sifatida diniy blogerlarning suratlari, ular ishtirokidagi video va audio lavhalardan foydalanilib (muayyan bir savdo belgisi aniq gapirmagan boʻlsa-da), davolash uchun tavsiyalar va koʻrsatmalar berish orqali isteʻmolchilarda mahsulotlarga nisbatan boʻlgan ishonchni sunʻiy ravishda oshirilishiga va pirovardida notoʻgʻri xulosa chiqarilishiga olib kelmoqda.

 

“Achinarlisi, bunday mahsulotlarni diniy blogerlar tomonidan bevosita reklama qilinishi isteʻmolchilarni chalgʻitib, ularda ushbu mahsulotlarni dori vositasi va davolash xususiyatiga ega ekanligi haqida yanglish fikrlar shakllanishiga hamda ularni isteʻmol qilinishiga undamoqda”, deya taʻkidlagan davlat idorasi.

 

Maʻlum qilinishicha, qoʻmitaga reklamalarga ishonib, aynan shu kabi mahsulotlarni sotib olgan, biroq ularni isteʻmoli natijasida sogʻligʻi yanada yomonlashgani toʻgʻrisida fuqarolardan koʻplab murojaatlar kelib tushmoqda. Jumladan, 2024-yilning oʻtgan davrida BFQlar boʻyicha mingtaga yaqin murojaat koʻrib chiqilib, isteʻmolchilarga 118 million soʻm moddiy zarar qoplanishi taʻminlangan.

 

“Reklama toʻgʻrisida”gi qonunning 35-moddasida ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalarning va oziq-ovqat qoʻshimchalarining reklamasiga doir talablar belgilangan:

 

– ular dori vositalari hisoblanadi va (yoki) davolash xossalariga ega degan taassurotni uygʻotmasligi;

 

– ularni qoʻllash natijasida odamlar davolangani, ularning ahvoli yaxshilanganiga doir muayyan hollarga havolalarni oʻz ichiga olmasligi;

 

– ularning qoʻllanilganligi munosabati bilan jismoniy shaxslar tomonidan bildirilgan minnatdorchilik izhorini oʻz ichiga olmasligi; sogʻlom ovqatlanishni rad etishga undamasligi;

 

– ovqatga qoʻshiladigan biologik faol qoʻshimchalarning va oziq-ovqat qoʻshimchalarining tadqiqotlar oʻtkazilganligi, davlat roʻyxatiga olinganligi toʻgʻrisidagi faktlarga havolalar qilish, shuningdek boshqa tadqiqotlar natijalaridan ularni qoʻllash uchun toʻgʻridan toʻgʻri tavsiya shaklida foydalanish orqali dori vositalariga nisbatan afzalliklari haqidagi taassurotni yuzaga keltirmasligi;

 

– har bir holda reklama obyekti dori vositasi emasligi toʻgʻrisidagi ogohlantirish bilan birga berilishi kerakligi belgilangan.

 

Qonunning 47-moddasiga asosan, biologik faol va oziq-ovqat qoʻshimchalari reklamasiga doir talablarni buzganlik — BHMning 30 baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda Raqobat qoʻmitasi “Reklama toʻgʻrisida”gi qonunga asosan noaniqligi,bir xil maʻnoli boʻlmaganligi, boʻrttirib yuborilishi, yashirib ketilishi, tarqatilish vaqti, joyi va usuliga nisbatan talablarning hamda qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa talablarning buzilishi natijasida reklamadan foydalanuvchilarni chalgʻitadigan yoki chalgʻitishi mumkin boʻlgan, yuridik va jismoniy shaxslarga, shuningdek jamiyat hamda davlat manfaatlariga moddiy zarar va maʻnaviy ziyon yetkazishi mumkin boʻlgan reklama notoʻgʻri (insofsiz, bila turib yolgʻon) reklama ekanligi haqida eslatadi hamda bunday reklamani tarqatish qonunchilikka binoan javobgarlikka asos boʻlishi haqida ogohlantirdi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//