Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200 yilligi nishonlandi

Saqlash
09:36 / 20.11.2024 78 0

 

Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatrida qoraqalpoq shoiri va mutafakkiri Ajiniyoz tavalludining 200 yilligi munosabati bilan bayram tadbiri oʻtkazildi.

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024-yil 16-iyulda Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludining 200 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisidagi qarorni imzolagandi.

 

Hujjatda Ajiniyoz “oʻzining betakror va sermazmun ijodi bilan madaniyat va adabiyotni rivojlantirish, yosh avlodni vatanparvarlik va ezgu gʻoyalar ruhida tarbiyalash, oʻzbek va qoraqalpoq xalqlari oʻrtasidagi azaliy doʻstlik va ogʻizbirchilikni mustahkamlashga munosib hissa qoʻshgani, hassos shoirning sheʼr va dostonlarida aks etgan gumanistik falsafiy qarashlar el-yurt qalbidan chuqur joy egallagani” qayd etilgan.

 

 

Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli tavalludiga bagʻishlab oʻtkazilgan tadbirda shoirning sheʼrlari asosida yaratilgan qoʻshiqlar, oʻlanlar ijro etildi. Oʻzbek va qoraqalpoq shoirlari soʻzga chiqib, Ajiniyozning turkiy ellar adabiyotida tutgan oʻrni va ahamiyatini taʼkidladi.

 

 

Shuningdek, bayram oqshomida qoraqalpoq milliy saʼnati namunalari ham namoyish etildi.

 

 

Ajiniyoz Qoʻsiboy oʻgʻli 1824-yilda Moʻynoq tumanining Qamish Bugʻat qishlogʻida tugʻilgan. Xivadagi Shergʻozixon va Qutlimurot inoq madrasasida tahsil olgan. Uning “Kerak”, “Boʻladi”, “Boʻlmasa”, “Yaxshi”, “Yigitlar”, “Qiz Mengesh bilan aytishuv” asarlari xalq orasida juda mashhur boʻlgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//