Madaniy meros agentligi Bobur haykalini koʻchirishga hali rozilik berilmaganini maʼlum qildi

Saqlash
09:34 / 20.11.2024 173 0

Madaniy meros agentligi haykal Andijon shahar A.Fitrat koʻchasida joylashgan “Jome meʼmoriy majmuasi” arxitektura yodgorligi hududiga koʻchirilishi haqidagi murojaat shu yilning 8-noyabrida kelib tushganini bildirdi. Bunda murojaat Davlat kadastrlari palatasi Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan Andijon viloyati Madaniy meros boshqarmasiga yuborilgan.

 

Agentlik bergan rasmiy munosabatda 2001-yil 30-avgustdagi 269-P-sonli qonunining 20-moddasi asos sifatida keltiriladi. Mazkur bandda shunday deyilgan:

 

“Moddiy madaniy meros obyektini hozirgi zamonda foydalanishga moslashtirish – moddiy madaniy meros obyektining tarixiy-badiiy qiymatini va asralishini oʻzgartirmasdan uning tarixiy-madaniy qimmatga ega boʻlgan unsurlarini taʼmirlash asosida undan hozirgi zamonda foydalanishga shart-sharoit yaratish maqsadida amalga oshiriladigan ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar, loyihalash hamda ishlab chiqarish ishlarini amalga oshirish” belgilab qoʻyilgan.

 

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-martdagi 265-son qarori 6-ilovasi 9.5-bandida «Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari va ularning qoʻriqlanadigan tegralarida yer qazish, yer tuzish, qurilish, melioratsiya va boshqa xoʻjalik ishlari, asrashga doir ishlarni amalga oshirish hamda ilmiy va ilmiy-texnik tadqiqotlar oʻtkazishga oid loyihalarga Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan xulosa berilishi koʻrsatilgan

 

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Andijon viloyati Madaniy meros boshqarmasi murojaat qilgan tomonga Zahiriddin Muhammad Bobur monumental sanʼat yodgorligini koʻchirish masalasi yuzasidan Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashidan xulosa olish uchun tushunchalar berilgan.

 

Taʼkidlash lozim, 2021-yil 19-iyundagi Prezident qarorida ham madaniy meros yodgorliklarini asrab-avaylash borasida soʻz ketgan. Jumladan, hujjatdagi 4-bandda shunday deyiladi:

 

– sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari va moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari joylashgan aholi punktlarining bosh rejalari Agentlik bilan kelishilishi majburiy hisoblanishi;

 

– moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlarida, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarda, Umumjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan hududlarda va ularning qoʻriqlanadigan tegralarida obyektlarni qurish, buzish va obodonlashtirish ishlarining loyihalari Agentlik bilan majburiy tartibda kelishilishi belgilab qoʻyilgan.

 

Maʼlumot uchun, Andijon shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur monumental sanʼat yodgorligi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi 846-sonli qarori bilan Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari Milliy roʻyxatiga kiritilgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//