Jamiyat
Andijon viloyati Andijon shahri markaziga oʻrnatilgan Bobur haykalining boshqa joyga koʻchirilishi ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab muhokamalarga sabab boʻlmoqda.
Holatga oydinlik kiritish maqsadida Andijon viloyati hokimligi matbuot kotibi Muslim Ibrohimov rasmiy munosabat bildirdi.
“Andijonimizda har kuni yangi bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Ulardan biri, aholimizning uzoq yillik istaklaridan boʻlgan, viloyat markazidagi “Bobur” shoh koʻchasida joylashgan chorrahada qurilayotgan yoʻl oʻtkazgich ekanligi deyarli barcha andijonliklarga maʼlum”, deydi u.
Ibrohimov mazkur koʻprik oʻn minglab aholining kundalik turmush tarzida katta qulaylik yaratishi, insonlarning uzogʻini yaqin qilishi va kun davomida soatlab vaqtini tejashiga xizmat qilishini taʼkidlaydi. Uning qoʻshimcha qilishicha, qurilish jarayonida yana bitta “hal etilishi kerak boʻlgan” muhim masala kuzatilgan. Bu Bobur haykali turgan maydonning bir qismi koʻprik ostida qolib ketishidir.
“Bobomiz, Andijon farzandi, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur xotirasiga atab, barpo etilgan maydon yangi qurilayotgan koʻprik yaqinida joylashgan boʻlib, loyiha qurilishi yakunlangach, ushbu maydon anchayin yopiq koʻrinishga kelib, maydonning bir qismi koʻprik ostida qoladi”, deydi Ibrohimov.
Ilmiy kengash vakillari, Boburshunoslar hamda Andijon oqsoqollari boshchiligida ushbu mavzu muhokama qilingan. Yakunda esa kerakli xulosa yasalgan. Unga koʻra, haykal shoh Boburning oʻzi tugʻilib oʻsgan “Eski shahar” hududidagi oʻzbek tarixini oʻzida aks ettirgan “Registon” maydoniga koʻchiriladi. Bundan tashqari, muhokama jarayonida maydonni oʻziga xos qoʻshimchalar bilan boyitish va yangi, koʻrkam maydon barpo etishga kelishilgan.
Hozirda esa bu rejani amalga oshirish uchun katta tayyorgarliklar koʻrilmoqda.
“Avvalgi maydon oʻrnida esa aholimiz uchun “Savdo Mall” majmuasi, koʻngilochar markazlar, ofislar va aholimizga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan boshqa turdagi zamonaviy binolar barpo etish loyihasi taklif etilgan”, deydi hokimlik matbuot xizmati rahbari.
U, shuningdek, haykal koʻchilayotgan hududda turar joylar qurish rejasi mavjud emasligi taʼkidlar ekan, tarmoqlarda kuzatilgan turar joy qurilishi haqidagi maʼlumotlar tasdiqlanmasligini maʼlum qilgan.
Ilm-fan
Jahon
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
Jamiyat
//
Izoh yo‘q