Kecha Oʻzbekiston–Qatar uchrashuvida madhiya oʻrniga reklama bergan telekanal holatga izoh berdi

Saqlash
11:32 / 15.11.2024 554 0

JCH-2026 saralashi doirasida kecha, 14-noyabr kuni Qadar hamda Oʻzbekiston terma jamoalari oʻzaro kuch sinashganidan xabaringiz bor. Yakuniy natija esa oʻzbekistonlik muxlislarning barchasini xafa qilgani aniq.

 

Biroq bahsni toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatishni maqsad qilgan “Sport TV” kanali oʻyin boshida Oʻzbekiston madhiyasini efirga uzatilmay, oʻrniga reklama koʻrsatgani ham hech kimning esidan chiqib ketmadi. Aksincha, ushbu holat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida koʻplab muhokamalarga sabab boʻldi.

 

Mazkur munosabatlardan soʻng kanal bosh direktori Zohid Karimov rasmiy izoh bildirdi.

 

“Shuncha tayyorgarlik, shuncha harakat qilib davlat madhiyasiga kelganda, atayin kesmaymiz-ku!?

 

Biz ketma-ket oʻyinlarni koʻrsatmoqdamiz. Undan oldin boshlangan oʻyin qoʻshib berilgan vaqt hisobiga kech tugadi. Bu oʻyinga oʻtguncha shartnoma boʻyicha reklamalarimiz bor edi. Shu reja boʻyicha ish olib borilayotganda, madhiya boshlanib qoldi. Efirga madhiyaning oʻrtasidan oʻtish notoʻgʻri hisoblanib, tugashi kutildi.

 

Oʻyinni chiroyli tarzda translyatsiya qilish uchun barcha imkoniyatni yaratishga harakat qildik. Eng ishongan, tajribali sharhlovchilarga maydondan sharhlash imkonini berdik.

 

Mening ham aybim bor, sharhlovchilar ovozini efirga ulash bilan band boʻlib, eʼtibor bera olmay qoldim”, deya vaziyatga tushuntirish berdi Karimov “Daryo” muxbiri bilan suhbatda.

 

Maʼlumot uchun, 14-noyabr kuni boʻlib oʻtgan uchrashuv 3:2 hisobida Qatar jamoasining gʻalabasi bilan tugadi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//