Sherdor madrasasi taʼmiri uchun 500 ming dollar ajratiladi

Saqlash
15:43 / 14.11.2024 222 0

AQShning Oʻzbekistondagi elchixonasi Samarqanddagi Sherdor madrasasida konservatsiya va restavratsiya ishlarini amalga oshirishga qaratilgan loyiha qoʻllab-quvvatlanishini maʼlum qildi.

 

Bu ishda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi hamda AQSh Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi hamkorlik qiladi.

 

Madaniy meros agentligi tomonidan taqdim etilgan loyiha butun dunyo boʻylab oʻtkazilgan saralash bosqichida tanlab olingan boʻlib, unga bu yil uchun eng katta grant summasi – 500 ming dollar ajratiladi.

 

Markaziy Osiyo tadqiqotlari xalqaro instituti (IICAS) esa mazkur tashabbusni texnik tomondan qoʻllab-quvvatlaydi.

 

Maʼlumot oʻrnida, ushbu grant AQSh Madaniy merosni asrab-avaylash jamgʻarmasi (AFCP) tomonidan Oʻzbekistonda qoʻllab-quvvatlanayotgan 14-loyiha boʻlib, hozirgacha jamgʻarma yordamida umumiy qiymati 1 mln 350 ming dollar boʻlgan xilma-xil loyihalar amalga oshirilgan.

 

Bu galgi yangi loyiha 2023-yilda Oʻzbekiston va Qoʻshma Shtatlar oʻrtasida madaniy merosni muhofaza qilish boʻyicha imzolangan ikki tomonlama kelishuvda koʻzda tutilgan maqsadlarga hamohang hisoblanadi.

 

“Biz Registon maydonidagi goʻzal va ramziy Sherdor madrasasining konservatsiya ishlarida ishtirok etayotganimizdan xursandmiz. Ushbu saʼy-harakatlar bu muhim yodgorlikni kelgusi avlodlar va butun insoniyat uchun saqlab qolishda yordam beradi. Bunday hamkorlik ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, bu muhim yodgorlikni asrab qolish va Oʻzbekistonning madaniy merosini himoya qilishga katta hissa qoʻshadi”, — deydi AQShning Oʻzbekistondagi elchisi Jonatan Henik.

 

Madaniy meros agentligi IICAS koʻmagida Sherdor madrasasi fasadi konservatsiya va restavratsiyasini mahalliy hunarmandlar va mutaxassislarni jalb qilish orqali amalga oshiradi.

 

Loyiha sifati va samaradorligini oshirish uchun esa xorijlik mutaxassislar ham taklif etiladi.

 

“Sherdor madrasasining konservatsiya-restavratsiya loyihasi AQSh Madaniy merosni asrab-avaylash jamgʻarmasi bilan birgalikda amalga oshirilishi Oʻzbekiston va AQSh oʻrtasida madaniy meros sohasidagi hamkorlikning jadal rivojlanayotganiga yaqqol dadildir. Mazkur loyihani qoʻllab-quvvatlaganligi uchun AQShning Oʻzbekistondagi elchixonasiga oʻz minnatdorchiligimizni bildiramiz. Kelgusidagi hamkorligimiz yanada kuchayishiga hamda bu kabi loyihalarning salmogʻi yanada oshishiga ishonamiz.” – deydi Agentlik direktori Bahodir Abdikarimov.

 

AQSh Madaniy merosni asrab-avaylash jamgʻarmasi (AFCP) Kongress tomonidan 2001-yilda tashkil etilgan. Jamgʻarma dunyoning rivojlanayotgan mamlakatlarida madaniy yodgorliklarni, madaniy obyektlar va toʻplamlarni hamda anʼanaviy madaniy merosni saqlashga doir loyihalarga bevosita grantlar ajratadi.

 

Joriy yilda ham global grantlar tanloviga 71 mamlakatdan 149 ta madaniy merosni saqlash loyihasi taqdim etilgan.

 

Hozirda Registon maydonida joylashgan Sherdor madrasasi Samarqand viloyati hokimi Yalangtoʻsh Bahodirning mablagʻi va tashabbusi bilan 1619-1636-yillarda Mirzo Ulugʻbekning demontaj qilingan xonaqohi oʻrnida qurilgan.

 

Qurilishga Samarqand meʼmori Abduljabbor jalb qilingan. Bezak berish ishlarini esa usta Muhammad Abbos bajargan.

 

Binoni avvaliga homiylik qilgan hokim sharafiga nomlash rejalashtirilgan edi. Biroq, keyinchalik odamlar uni “Sherdor” yaʼni “Sherlar makoni” deya atay boshlagan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//