Oʻzbekistonda 10 ta sel suv ombori quriladi

Saqlash
14:19 / 08.11.2024 373 0

 

Prezident raisligida oʻtkazilgan yigʻilishda fermer xoʻjaliklarida 1 ming 700 ta nasos yiliga 1 milliard kilovatt elektr sarflashi aytildi.

 

Ularga elektr xarajati uchun bu yilgi byudjetda 170 milliard soʻm subsidiya reja qilingan edi. Kelgusi yil bu sohaga yana 250 milliard soʻm ajratiladi. Masalan, xorazmlik 92 nafar dehqon zamonaviy nasos oʻrnatib, elektrni 20 foiz tejayapti. Quyosh paneli oʻrnatish hisobiga ehtiyojidan ortgan elektrni davlatga sotib, oyiga qoʻshimcha 7-8 million soʻm daromad olayapti.

 

Xorazm tajribasini kengaytirish maqsadida elektr xarajati uchun subsidiyani nasoslarni yangilash va quyosh panellari oʻrnatishga bogʻlash kerakligi qayd etildi. Ushbu tajriba asosida har yili 1000 tadan fermerni yangi tizimga oʻtkazish muhimligi taʼkidlandi.

 

Yana bir muhim masala – bahor va kuzdagi sel suvlarini yigʻib, sugʻorishda ishlatish ham koʻrib chiqildi.

 

Masalan, Qoʻshrabot tumanining “Xonnazor”, “Chorloq”, “Qoʻrgʻon”, “Shovona” va “Qiyqim” mahallalaridan oʻtgan soydan yiliga 36 million kub metr suv samarasiz oqib ketadi.

 

Bu yerda kichik suv ombori qurilsa, 2,5 ming gektar yerni oʻzlashtirish, yangi yerlarni intensiv sabzavotchilik uchun aholiga berib, 4 ming ishsizni band qilish va 600 ta oilani kambagʻallikdan chiqarish mumkinligi aytildi.

 

Taʼkidlanishicha, bunday sel suv omborlarini Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Toshkent viloyati va Fargʻonadagi yana 9 ta tumanda barpo qilib, 50 ming gektarda suv taʼminotini yaxshilash imkoni bor.

 

Shu munosabat bilan mutasaddilarga 10 ta sel suv ombori qurish ishlarini boshlash topshirildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//