Toshkentdan Issiqkoʻlga poyezd qatnovi yoʻlga qoʻyiladi

Saqlash
18:33 / 07.11.2024 401 0

 

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston 2025-yil yozidan “Toshkent-Baliqchi (Ribache)” yoʻnalishida turistik poyezdlar qatnovini yoʻlga qoʻyishga kelishib oldi. Bu Issiqkoʻl yoʻnalishida sayyohlar oqimini oshirish imkonini beradi.

 

Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar temiryoʻl transporti boʻyicha kengashning 81 yigʻilishi doirasida “Oʻzbekiston temiryoʻllari” AJ boshqaruv raisi Z.Narzullayev va “Qirgʻiz temiryoʻli” davlat korxonasi rahbari A.Sakiyev oʻrtasida ikki tomonlama uchrashuv boʻlib oʻtdi.

 

Uchrashuv davomida yuk tashish hajmlarini oshirish va tarif chegirmalarini qoʻllash masalalari boʻyicha muzokaralar olib borildi. Shuningdek, ikki davlat oʻrtasida asosiy yuklar – koʻmir, sement va boshqa mahsulotlarni tashishda “Temiryoʻlkargo” AJ yuk vagon parklaridan foydalanish hamda tarozi xoʻjaligi obyektlarini taʼmirlash masalalari koʻrib chiqildi.

 

Tomonlar, shuningdek, 2025-yil yozidan Toshkent – Baliqchi yoʻnalishida turistik poyezdlar qatnovini yoʻlga qoʻyishga kelishib oldi. Bu yoʻnalish ikki mamlakat oʻrtasida turizm aloqalarini rivojlantirishda muhim qadam boʻladi hamda Issiqkoʻl yoʻnalishida sayyohlar oqimini oshirish imkonini beradi.

 

Bundan tashqari, Qirgʻiziston temiryoʻl xodimlarini “Oʻzbekiston temiryoʻllari” AJ markazlarida malakasini oshirish masalasi ham muhokama qilindi va ushbu yoʻnalishda oʻquv dasturlarini tashkil etishga kelishildi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//